Polsha bosh vaziri Donald Tusk 17-sentabr kuni Ukraina hududida, Polsha chegarasiga juda yaqin joyda yangi kuchli portlash sodir boʻlganini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, hodisa Doroxusk chegara punkti yaqinida roʻy bergan va ehtimol, yoqilgʻi quyish shoxobchasi nishonga olingan.
Tusk portlash juda kuchli boʻlganini qayd etdi. Hujum munosabati bilan Polsha harbiy aviatsiyasi qiruvchi samolyotlarni havoga koʻtargan.
Polsha Qurolli kuchlari operativ qoʻmondonligi maʼlumotiga koʻra, gap reaktiv dvigatelli uchuvchisiz uchish apparati haqida ketmoqda. Dron Ukraina hududida, Polsha–Ukraina chegarasidan taxminan 4 kilometr masofada nishonga urilgan yoki havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirilgan boʻlishi mumkin.
Ukraina Davlat chegara xizmati chegara oʻtkazish punktining oʻzi hujum oqibatida zarar koʻrmaganini maʼlum qildi.
Hujum fonida Polshaning Lyublin va Karpatosti voyevodaliklari aholisi hukumat xavfsizlik markazidan ogohlantiruv xabarlarini olgan. Lyublin va Jeshuv aeroportlari esa parvozlarni vaqtincha toʻxtatgan.
Tusk ehtimoliy hujumlar haqida ogohlantirdi
Oʻsha kuni Polsha parlamentida chiqish qilgan Donald Tusk razvedka maʼlumotlariga tayanib, Rossiya Ukrainaga yordam koʻrsatayotgan davlatlarga, jumladan Polshaga qarshi dron va raketalardan foydalangan holda «gibrid hujumlar» rejalashtirayotgan boʻlishi mumkinligini aytdi.
Biroq Tusk bu maʼlumotni aynan qaysi razvedka xizmatlari taqdim etganiga aniqlik kiritmagan.
Polsha bosh vaziri yangi hujum 1939-yil 17-sentabrda Sovet Ittifoqi Polshaga bostirib kirganining 87 yilligiga toʻgʻri kelganiga ham eʼtibor qaratdi.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish esa Rossiyani Ukrainaga qarshi urushni kuchaytirishda ayblab, Moskva «tajovuzkor harakatlarini toʻxtatmayotganini» bildirdi.
Bir hafta ichida ikkinchi hujum
DW maʼlumotiga koʻra, bu Doroxusk–Yagodin chegara oʻtkazish punktiga bevosita yaqin hududda bir hafta ichida sodir boʻlgan ikkinchi shunday zarbadir.


















