O‘tgan yil yozida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda qatnashgan 22 kishiga nisbatan bugun, 31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudida hukm o‘qildi. Aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatishda ayblangan jurnalist Lolagul Qallixanova qamalmaydigan bo‘ldi va unga nisbatan ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo berildi.
Sud jarayoni yakunlangach, Lolagul Qallixanova OAV vakillarining savollariga javob berdi va qilgan xatosidan afsusda ekanini aytdi.
– Siz uchun 11 yil [qamoq jazosi] so‘ralgandi, hozir ozodsiz, bu mo‘jiza emasmi? Kimdir siz uchun bu mo‘jizani qilmadimi?
– Menimcha, ayol bo‘lganim inobatga olingan. Yaqinda 34 yoshga to‘laman, 11 yil berishsa, bola tug‘ish yoshidan o‘tib ketardim. Shuning uchun yengillik berildi deb o‘ylayman.
– Sizni xalqaro maydonda ham jurnalist, ham siyosiy faol deb ta’riflashmoqda. Siz kimsiz o‘zi?
– Men jurnalistman. Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid o‘zgarishlarga keskin qarshilik qilganim uchun siyosiy faol deb ta’riflashgandir.
– Eng katta xatongiz nima deb o‘ylaysiz?
– Eng katta xato ishimni 25 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan vaqtda qildim. Mening kanalimda 60 ming o‘quvchi bor edi, ularni o‘zim ishongan, men bilan bir tomonda bo‘lgan odamlar deb bilib materiallar tayyorlab mitinglarga sabab bo‘ldim va xato qildim.
Jurnalistikada «exo chamber» degan narsa bor. Bir xonaga kirsangiz exo chiqadi, jamiyat ham shunaqa, o‘zi bilan bir xil fikrlaydigan odamlar orasiga kirib qolsa, odam o‘sha «exo chamber»ga tushib qoladi. Menda ham shunaqa holat bo‘ldi. Men faqat qarshi fikrli odamlarni eshitib, telefonimga kelgan xabarlar, kanalimning botiga kelayotgan xabarlardan iborat muhitga tushib qoldim. Shu tariqa hamma shunday o‘ylayapti deb jinoyat sodir etib qo‘ydim. Men qilgan xato jurnalistlarga o‘rnak bo‘lishi kerak.
So‘z erkinligi? Men 25 iyundan 1 iyulgacha nima yozgan bo‘lsam, hech kim menga qarshilik qilgani yo‘q. Qoraqalpoq tilida ham ko‘p marta tanqidlar yozganman va birov menga qarshilik qilgani yo‘q.
– Hamkorlaringiz kim edi?
– Bir o‘zim harakat qilganman. Bo‘layotgan voqealarni yolg‘iz o‘zim yoritganman. O‘sha vaqtda menda ruhiy portlash sodir bo‘lgan. Xorijdagi qoraqalpoqlar bilan aloqada bo‘lmaganman, faqat botga yozganlar bilan gaplashgan bo‘lishim mumkin, ammo uzoq muddat muloqot qilmaganman.















