“Toshshahartransxizmat” AJ Marketing loyihalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi xodimi Ikrom Shodiyev aprelga qadar shaharga olib kelinishi kutilayotgan ming dona yangi avtobus haqida Kun.uz muxbiriga ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, hozirda bu borada Xitoy kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilib, kelishuvlarga erishilgan.
— Shahar havosiga jamoat transportidan chiqadigan zararli moddalar miqdorini kamaytirish maqsadida, jamoat transportini yangilash dasturi asosida shu yil birinchi choragi davomida ming dona yangi, zamonaviy avtobus xarid qilinishi belgilangan. Mana shu ming dona avtobuslardan 700 tasi siqilgan tabiiy gazda, 300 tasi esa to‘liq elektrda yuradi (elektrobus). Bu avtobuslar keltirilib, yo‘nalishlarga chiqarilganida shahar havosiga jamoat transportidan chiqadigan zararli moddalarning miqdori bir necha barobar kamayishi uchun imkoniyat yaratiladi. Yangi avtobus yo‘nalishlari ham ochiladi.
Mingta avtobusning 200 tasi 18 metrli uzunlikda bo‘ladi, ular yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarga qo‘yiladi.
Avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnomalar ham imzolangan. Xitoyning “King Long” va “Yutong” degan kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilgan. Bular asosida fevralning oxiridan boshlab avtobuslar kelishi rejalashtirilgan.
Ilgari yiliga 100-200 ta avtobus olib kelinardi, 1 yilning o‘zida ming dona kelishi katta miqdor hisoblanadi. Bu transportlar shahar aholisiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga, yangi yo‘nalishlar ochishga katta yordam beradi.
— Shartnoma qiymatini ochiqlay olasizmi?
— Tijoriy sir bo‘lgani uchun, uzr, buni aniqlashning iloji yo‘q. Lekin bir narsani aytib o‘taman, shartnomalarni tuzish uchun transport vaziri boshchiligida ishchi guruh, ya’ni maxsus xarid komissiyasi tuzilgan. Bu ishchi guruh XXRga borgan holda ishlab chiqaruvchi 8 ta zavodning hammasiga kirgan, salohiyati va imkoniyatini o‘rganib chiqqan, ularning qanchalik sifatliligini aniqlash maqsadida o‘sha joyning o‘zida ishlatib ham ko‘rgan. Xarid qilinayotgan avtobuslar bo‘yicha boshqalarning fikri ham o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida mana shu “Yutong” va “King Long” degan kompaniyalardan avtobus xarid qilishga kelishilgan.










