So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash bo‘yicha bir qancha qo‘shimcha choralar ko‘rildi.

2021 yil sentabr oyidan boshlab, UNISEF bilan hamkorlikda, bolali kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar to‘lash miqdori, muddatlari va tartibi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi:
a) bolali oilalar uchun nafaqa miqdori bolalar soniga qarab oshirildi:
- bir bolali oilalarga 1,7 baravarga yoki 144 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha (uch yoshgacha — 325 ming so‘m);
- ikki bolali oilalarga 1,7 baravarga yoki 239 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha (eng kichigi 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa – 475 ming so‘m);
- uch bolali oilalarga 1,5 baravarga yoki 334 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha (eng kichigi 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa – 575 ming so‘m);
- to‘rt yoki undan ortiq bolali oilalarda har bir keyingi bola uchun 100 ming so‘m (2021 yil sentabrgacha uch yoki undan ortiq bolali oilalar uchun belgilangan miqdor).
b) bolalarning nafaqa olish yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi;
d) nafaqa to‘lash muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirildi.
2021 yildan boshlab bolali oilalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlashda manzillilikni oshirish va shaffoflikni ta’minlash, sub’yektiv omillarni kamaytirish maqsadida respublika bo‘ylab UNISEF’ning bevosita ishtirokida ishlab chiqilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy etildi. Bu qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilmasdan, 17 ta vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalari bilan elektron aloqada bo‘lish orqali 70 dan ortiq turdagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishni ta’minlashga imkon berdi.












