Jahon | 11:22 / 04.03.2023
13496
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Putinning nutqini qulog‘ida lag‘mon bilan tinglagan deputat sud qilinadi

Rossiya Kommunistik partiyasidan Samara viloyat dumasi deputati Mixail Abdalkinga nisbatan Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzildi. Avvalroq Abdalkin qulog‘iga lag‘mon bilan Putinning nutqini tomosha qilayotgan videosini chiqargan edi.

Foto: Telegram / Mixail Abdalkin

Rossiya Kommunistik partiyasidan Samara viloyat dumasi deputati, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal majlisga murojaatini qulog‘iga lag‘mon qo‘yib olgan holda tomosha qilgan Mixail Abdalkinga armiyani obro‘sizlantirish moddasi bo‘yicha protokol tuzildi. Materiallar 2 mart, payshanba kuni Novokuybishevsk shahar sudi tomonidan kelib tushgan. Sud majlisi 7 martga belgilangan.

2 mart kuni Mixail Abdalkin «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ish «o‘sha video» bo‘yicha ochilganini ma’lum qildi. «Biz kurashamiz, aybsizligimizni isbotlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u. Deputatning o‘zi videoni ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida e’lon qilib, viloyat dumasidagi Kommunistik partiya fraksiyasi rahbariyatining iltimosiga ko‘ra Putinning murojaatini tomosha qilganini ta’kidladi. «Men to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, to‘liq qo‘shilaman, ajoyib ijro. Oxirgi 23 yil ichida men bunday narsani eshitmaganman. Hayratda qoldim», - deb izoh berdi Abdalkin videoga.

Avvalroq Samara viloyat dumasi Mixail Abdalkinga «jamoatchilik tomonidan qoralanishi» haqida e’lon qilgan edi. Deputatlar uni partiyadan chiqarishni taklif qilishdi, shuningdek, huquq-tartibot idoralari va prokuraturadan uning qilmishiga huquqiy baho berishni so‘radilar. 1 mart kuni Abdalkin politsiyaga chaqirilgan.

Vladimir Putin 21 fevral kuni Federal majlisga yo‘llagan murojaatida G‘arb davlatlari va Ukrainani yana «aldash», «mustamlakachilik» va «neoliberal totalitar qadriyatlar»da ayblab, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi majburiy bo‘lganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid