09:00 / 12.03.2023
26476

Yangi konstitutsiya, Uzcard-Humo integratsiyasi va zulm stereotipi - hafta dayjesti

O‘zbekistonda konstitutsiyaning yangi tahriri yozib tugatildi. Bankomatlar va terminallar Uzcard va Humo'ni ajratmaydigan bo‘ladi. O‘smir qizlarning katta qismi ovqat tagiga olgani uchun eridan kaltak yeyishni normal holat deb biladi. O‘tgan haftaning asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Yaxshi xabarlardan boshlasak. Humo va Uzcard'ning uzoq kutilgan integratsiyasi nihoyat shu yil yakuniga yetadigan bo‘ldi. Shu hafta qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, may oyidan boshlab Humo kartalari orqali Uzcard bankomatlaridan va aksincha Uzcard kartalari orqali Humo bankomatlaridan naqd pul yechish yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Yil oxirigacha esa barcha terminallar har ikkala karta turini ham qabul qiladigan bo‘ladi. 2020 yildan buyon aytib kelinadigan bu yangilik nihoyat amalga oshsa, bitta savdo nuqtasida ikki xil terminal turishi shart bo‘lmaydi. Kartangiz Uzcard yo Humo bo‘ladimi, Visa, Mastercard yoki Unionpay bo‘ladimi, farqi yo‘q, bitta terminal orqali besh xil kartadan to‘lov qilsa bo‘ladi.

Bundan tashqari, may oyidan boshlab o‘tkaziladigan huquqiy eksperiment doirasida, Toshkentdagi Korzinka supermarketlarining kassalarida 300-500 ming so‘mgacha pulni kartadan naqdlashtirib olish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilyapti. Naqdlashtirish komissiyasini supermarketning o‘zi mustaqil belgilaydi, bu miqdor bankomatdagi 1 foizlik komissiyadan kamroq bo‘lishi ham mumkinligi aytilyapti.

Shu qarordagi yana bir yangilik – 1 maydan e’tiboran bir qator to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov tizimlarining komissiyalari jismoniy shaxslar uchun bekor qilinadi. Bu ro‘yxatda bojlar, jarimalar, davlat xizmatlari va boshqalar uchun davlat organlariga to‘lovlar, ta’lim tashkilotlaridagi kontrakt to‘lovlari, samolyot va poyezd chiptalari kabilar bor. Bunda to‘lov tizimlari oladigan komissiya maksimum 1 foizgacha bo‘ladi va bu summa fuqarodan undirilmasdan, to‘lov miqdoridan chegirib qolinadi.

Referendum – 30 aprelda

O‘zbekistonda konstitutsiyaning yangi tahriri yozib tugatildi. Asosiy qonun 65 foizga yangilanadigan bo‘ldi. Undagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga ko‘payadi.

10 mart kuni Qonunchilik palatasi bu boradagi qonunni qabul qildi. 132 deputat Konstitutsiyani yangi tahrirga o‘tkazishni yoqlab ovoz berdi, 2 deputat betaraf qoldi, 3 deputat ovoz bermadi. Deputatlarning qarori bilan, Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha umumxalq referendumi 30 aprel, yakshanba kuniga belgilandi. 13 mart kuni bu qarorni Konstitutsiyaviy sud, 14 martda esa Senat ham ma’qullashi kutilyapti. Yangi konstitutsiya loyihasining to‘liq matni shundan keyin e’lon qilinadi.

Asosiy o‘zgarishlardan biri – prezidentning vakolat muddati hozirgidek 5 yil emas, 7 yil deb belgilanadi. Ayni bir shaxs prezidentlik lavozimini ketma-ket ikki marta egallashi mumkin emas degan qoida saqlanib qoladi. Bu qoida, shuningdek, prezidentdan tashqari parlament palatalarining rahbarlari, hokimlar, bosh prokuror va yana qator boshqa lavozimlarga nisbatan ham joriy etiladi. Ya’ni Konstitutsiya talabi bo‘yicha ular ham ikki muddatdan keyin lavozimidan ketishi shart bo‘ladi.

Senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga kamayadi. Senat va Qonunchilik palatasining vakolatlarida o‘zgarishlar bo‘ladi. Qonunchilik palatasi vazirlarni ishdan olish haqida prezidentga taklif kiritish vakolatini oladi. E’tiborlisi, agar gap faqat taklif kiritish haqida bo‘lsa, biroz g‘alati holat yuzaga keladi. Chunki amaldagi konstitutsiya bo‘yicha deputatlarda bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish vakolati bor va bu ro‘y bergan taqdirda, bosh vazir iste’foga chiqarilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Shunday holatda, bosh vazirni ishdan ola oladigan deputatlarning vazirlarga kelganda faqatgina taklif bera olishi g‘alati ko‘rinyapti.

Saylov tizimida ham ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tish taklif qilinyapti. Bunda deputatlik o‘rinlarining bir qismi majoritar tizimga, ikkinchi qismi proporsional tizimga ajratiladi. Majoritar tizimdagi o‘rinlarni eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar egallaydi, proporsional tizimdagi o‘rinlar esa partiya ro‘yxatlari asosida taqsimlanadi. Eslatib o‘tamiz, 19 mart kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan deputatlik saylovlarida ham ilk marta aralash saylov tizimidan foydalaniladi.

Qozog‘iston bilan solishtirish mumkin bo‘lgan yana bir muhim jihat bor – qo‘shnilarimiz hokimlar saylovini allaqachon yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonda esa bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yildi: hokimlar saylovi bo‘lmaydi.

Konstitutsiya o‘zgargach, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari 2024 yilgi deputatlik saylovlaridan keyin kengash raisi lavozimidan ketadi. Yangi tarkibdagi deputatlardan biri kengashga rais bo‘ladi. Raisni mahalliy aholi emas, kengash a’zolari saylaydi. Bu amaliyot tuman va shaharlar miqyosida 2026 yildan boshlab qo‘llanadi. Ya’ni tuman hokimlarining kengash raisi maqomi hali yana 3 yildan keyin – 2026 yil 1 yanvarda bekor qilinadi.

Zo‘ravonlikka toqat stereotipi

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan UNICEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘tkazgan so‘rovnoma achinarli holatni o‘rtaga chiqardi. So‘rovnomada 18-19 yoshli o‘smir qizlar ishtirok etgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 37 foizi erkak kishi ayolini gap qaytargani, ovqat tagiga olib ketgani, ko‘chaga so‘roqsiz chiqqani uchun kaltaklashini normal holat deb biladi.

UNICEF bu holatga quyidagicha qisqa izoh bergan: “Stereotiplar qizlarni oilaviy zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat qurboniga aylantiradi”.

Shunisi aniqki, bu stereotiplar nafaqat o‘smir qizlarda, balki katta-katta lavozim egalarining ongidan ham chuqur joy egallagan. Biz buni yanvar oyida, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga oid qonun loyihasi e’lon qilinganida yana bir marta ko‘rgan edik. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish bo‘yicha jamoatchilik takliflari loyihadan chiqarib tashlangan. Loyiha mualliflari xalqaro normalarga asoslangan muhim qoidalarni nega inobatga olmayotgani bo‘yicha asosli tushuntirish bermay kelyapti.

Davlat xizmatchilarining sog‘ligi o‘rganildi

Shu hafta yana bir tadqiqot natijalari e’lon qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston bo‘ylab barcha hokimliklarda ishlaydigan 5744 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hokimlikda ishlaydigan xodimlar orasida surunkali gastrit, arterial gipertoniya, osteoxondroz, qandli diabet va semizlik kabi kasalliklar eng ko‘p uchraydi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘tkazgan tekshiruvlar yakuni bo‘yicha, kasallik aniqlangan xodimlarga davolanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha hokimliklarga tegishli ko‘rsatmalar yuborilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Senat ishchi guruhi Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga chirigan olma tarqatilishida maktab direktorlarini aybdor qildi. Ular jarimaga tortilgan. Holatni o‘rgangan ishchi guruh bayonotiga qaraganda, Qoraqalpog‘istondagi maktablarning yarmiga yegulik tarqatayotgan kompaniyaga sifatsiz mahsuloti uchun hech qanaqa chora ko‘rilmagan.

Samarqand shahrida 14 yoshli qizni o‘g‘irlashga uringan shaxs qo‘lga olindi. E’tiborlisi, u ichki ishlar organlarida ishlab kelgan. 38 yoshli erkak o‘quv markazi yonida turgan o‘smir qizga o‘zini kirakash deb tanishtirib, qizni uyiga olib borishini aytgan. Lekin qiz mashinaga o‘tirgach, boshqa joyga haydab ketgan. Yaxshiyamki, yo‘lda mashinaning g‘ildiragi yorilgan, haydovchi g‘ildirakni almashtirayoganda qiz qochib ketgan va o‘sha yerdagi odamlardan yordam so‘ragan. Potensial pedofil hozir qamoqda.

Toshkent uchun ishlab chiqarilayotgan “garmoshka” avtobuslar mart-aprel oylarida yetib kelishi kutilyapti. 18 metrli 200 ta avtobus uchun Xitoyning King Long kompaniyasiga buyurtma berilgan. Eslatib o‘tamiz, bundan tashqari Xitoyning Yutong kompaniyasiga 800 ta 12 metrli avtobuslar ham buyurtma qilingan. Ulardan 300 tasi elektrobus bo‘ladi.

Rossiyada qamalgan o‘zbeklarning Ukrainadagi urushga olib ketilib, jasadi kelayotgan holatlar davom etyapti. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyada 5 yil qamoq jazosini o‘tagan O‘zbekiston fuqarosining jasadi 30 yanvar kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi qarindoshlariga topshirilgan. U Ukrainadagi urushga o‘z ixtiyori bilan ketganmi yoki majburan olib ketilgan, bu ma’lum emas.

“O‘zbekneftgaz”ni 3 yil boshqargan Mehriddin Abdullayev lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga kompaniyaning Abdullayevdan oldingi rahbari Bahodir Siddiqov qaytarildi. Bu o‘zgarishdan bir necha kun oldin 31 ta yirik davlat korxonasi, xususan “O‘zbekneftgaz”ning aksiyalari Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilgan edi.

Top