O‘zbekiston | 12:43 / 14.03.2023
9206
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya sarmoyadorlari guruhi O‘zbekistonga keladi

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi tomonidan Connect Real Estate Club agentligi bilan hamkorlikda gibrid formatda "O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va infratuzilmaga investitsiyalar" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, J.P.Morgan, Credit Suisse singari yirik investitsiya banklari, Britaniya xalqaro savdo va eksport instituti, qator investitsiya kompaniyalarining vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.

Britaniyalik sarmoyadorlar O‘zbekiston hukumatining iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tutayotgan yo‘lini olqishlashgani barobarida yaqin yillarga mo‘ljallangan yirik davlat korxonalarining xususiylashtirilishi va transformatsiya qilinishi borasida katta salohiyat mavjud ekanligini qayd etdilar.

O‘zbekiston tomonidan mamlakat elchixonasi, Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi vakillari, O‘zbekiston bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan Abu Dhabi Uzbek Investment Fund, Uzbek-Oman Investment Company, Social Finance Advisors, Radisson Hotel Group, N.O.P. Hospitality Consulting singari investitsiya fondlari rahbarlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbir yakunida Britaniyaning bir guruh kompaniyalari sayyohlik infratuzilmasi, chakana va tijorat ko‘chmas mulkini modernizatsiya qilish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va aprel oyida bo‘lib o‘tadigan II Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishdan manfaatdor bo‘lishini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid