Jahon | 15:48 / 14.04.2023
9749
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya neft eksporti mart oyida uch yillik eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi

G‘arb sanksiyalariga qaramay, Rossiya neft eksportini oxirgi uch yil ichida eng yuqori darajaga ko‘tardi. Shu bilan birga, Rossiyaning daromadi sezilarli darajada kamaydi, deya xabar berdi Xalqaro energetika agentligi.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi sababli G‘arb joriy etgan sanksiyalarga qaramay, RFdan neft eksporti mart oyida deyarli uch yil ichida eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Shu bilan birga, Rossiyaning neft eksportidan tushgan daromadi o‘tgan yilga nisbatan keskin kamaydi, deyiladi Parijda joylashgan Xalqaro energetika agentligi (IEA) 14 aprel, juma kuni e’lon qilgan hisobotida.

G‘arb Rossiyaga qarshi keng qamrovli sanksiyalar, jumladan, neft va neft mahsulotlariga narxlarni cheklash va YeI embargosini joriy qildi. Rossiya bunga javoban neft qazib olishni kuniga 500 ming barrelga qisqartirdi va aprel oyi boshida uning OPEK+’dagi hamkorlari ham neft qazib olish hajmi kamayganini e’lon qilib, jahon bozorlarida shokni keltirib chiqardi, deb yozadi AFP. 

Shu bilan birga, mart oyida Rossiyadan neft yetkazib berishning umumiy hajmi kuniga 600 ming barrelga oshib, 8,1 million barrelga yetdi. 

Rossiyaning neft daromadi mart oyida 1 milliard dollarga oshib, 12,7 milliard dollarga yetgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilga nisbatan 43 foizga kamaygan. 

IEA ekspertlari fikriga ko‘ra, Rossiya daromadlarining o‘sishi asosan neft eksportining koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldingi darajaga qaytishi bilan bog‘liq (gap kuniga 450 ming barreldan 3,1 million barrelgacha o‘sishi haqida ketmoqda). Xom neft eksporti kuniga 100 ming barrelga oshib, 5 million barrelga yetdi. 

Mavzuga oid