O‘zbekiston aholi soni jadal o‘sib borayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakat aholisi 40 millionga, 2040 yilda esa 50 millionga yetishi mumkin. Ammo, O‘zbekistonda yer, suv resurslari, tabiiy boyliklar chegaralangan, ularning miqdori yildan yilga kamayib bormoqda. Bunday sharoitda iqtisodiyotning aholini boqishga qurbi yetadimi? Mamlakat «Maltus tuzog‘i»ga tushib qolmaydimi?
---------------------------------
XXI asrga kelib dunyo aholisi soni geometrik progressiyada o‘sishni boshladi. Biroq, uni ta’minlaydigan yer, suv resurslari, tabiiy boyliklar miqdori chegaralangan. Agar aholi soni o‘zini-o‘zi ta’minlay oladigan darajadan oshib ketsa nima bo‘ladi? Ana shunday holat yuz berganda mamlakat «Maltus tuzog‘i»ga tushib qolishi mumkin. Bu juda xavfli holat va undan chiqib ketish ham oson bo‘lmaydi.
«Maltus tuzog‘i» nima?
«Maltus tuzog‘i» (ing. Malthusian trap) – sanoatdan oldingi jamiyatlarga xos davriy takrorlanuvchan holat bo‘lib, aholining o‘sishi yakunda tuproq unumdorligi (yer resurslari) bilan chegaralangan oziq-ovqat ishlab chiqarish o‘sishidan oshib ketishini anglatadi. Boshqacha aytganda, aholi soni ma’lum bir ko‘rsatkichga yetganidan so‘ng, oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keladi. Bunga sabab – mavjud resurslar (yer, suv va boshqalar) chegaralangani. Bu holat birinchi marta 1798 yilda britaniyalik olim Tomas Maltus tomonidan tavsiflangan.
Sanoatdan oldingi, qadimgi jamiyatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘sishi ham, aholining katta qismi turmush sharoiti yaxshilanishi ham kuzatilmagan. Aksincha, odamlar ochlik chegarasiga yaqin sharoitda yashagan. Bundan tashqari, aholi zichligi kritik nuqtaga yetganda odatda urushlar, epidemiyalar yoki ocharchilik kabi halokatli holatlar yuz bergan. O‘z navbatida, bu aholi depopulyatsiyasiga, uning soni qisqarishiga olib kelgan.
Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan qabilalar chorva mollari soni aholi sonidan ham tezroq o‘sishi mumkinligiga qaramay, ekologik imkoniyatlarning maksimal chegarasiga juda tez yaqinlashgan. Bu chorvani boqish uchun zarur bo‘lgan tabiiy yaylovlarning cheklangan maydonlari tufayli yuz bergan. Oqibatda bu ko‘chmanchilarning qishloq xo‘jaligi hududlariga muntazam bosqinchilik harakatlarini yuzaga keltirgan.
Halokatli depopulyatsiyaning zamonaviy misoli sifatida Afrikaning aholi soni ko‘p bo‘lgan Ruanda davlatini keltirish mumkin. 1994 yilda millatlararo adovat va zo‘ravonliklar oqibatida bu mamlakatda milliondan ortiq odam halok bo‘ldi, 20 foiz aholi qochqinga aylandi.

















