1985 yil 7 may kuni Mixail Gorbachyov boshchiligidagi partiya Markaziy kengashi va Ministrlar kengashi “Ichkilikbozlik, alkogolizm va samogon tayyorlashga qarshi chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi.

Nega bunday islohot amalga oshirildi?

Ta’kidlash joizki, 80-yillarning o‘rtalariga kelib, ittifoqda hayot ancha og‘irlasha boshlagan, buning ustiga aholi orasida ichkilikbozlik keskin kuchayib ketgandi. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 60-yillarda bir fuqaro boshiga 4,6 litr alkogol to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 80-yillarda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proqqa oshib, 10,6 litrga yetdi. Mos ravishda boshqa davlatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak bu ko‘rsatkich, Shvetsiyada 5,2 litr, Finlandiyada 6,6 litr va Buyuk Britaniyada 7,2 litrni tashkil etgan. Leonid Brejnev davriga kelib o‘limlarning qariyb 32 foizi u yoki bu tarzda ichkilikbozlik bilan bog‘liq edi.

Iqtisodiyotdagi depsinish, ishlab chiqarish quvvatlarining pasayishi, ijtimoiy hayotdagi tushkunlik ham bunga sabab bo‘ldi.

Umrining oxirida gapini eplab gapira olmay qolgan Brejnev va ikki og‘ir kasal rahbarlar – Andropov va Chernenkoning tezkor o‘limidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan yosh, hushyor Mixail Gorbachyov bir qator islohotlarni boshladi. Ulardan biri – ichkilikbozlikka qarshi kurash edi. Gorbachyovni Markaziy qo‘mita siyosiy byurosi a’zolari Mixail Solomensev va Yegor Ligachevlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Butun ittifoq bo‘ylab kuchli kampaniya boshlandi, Qrim yarimorolidagi uzumzorlarning qariyb 40 foizi tag-tugi bilan yo‘q qilindi yoki yoqib yuborildi, do‘konlarda faqat ma’lum vaqtlardagina ichkilik sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Qonunga bo‘ysunmaganlarning maoshi kesildi, hatto partiyadan o‘chirish holatlari ham bo‘ldi. Hatto ichkiliksiz to‘ylar targ‘ib qilindi, filmlardan alkogol bor sahnasi qirqib tashlandi. Aroq narxi 45 foizga qimmatlab ketdi.

Spirtli ichimlik faqat maxsus belgilangan do‘konlarda sotilishi belgilandi, ushbu magazinlarda turnaqator navbatlar yuzaga keldi. Hozir hazil aralash eslanadigan “choynakka solib olib kelish” iborasi aynan o‘sha davrda tug‘ilganini ta’kidlash kerak.

Butun ittifoq bo‘ylab aroq uchun tartibsizliklar boshlandi. Aroq sotiladigan do‘konlar oldida odamlar haqiqiy yovvoyiga aylanib ketishardi. Norozilik asta-sekin siyosiy tus ola boshladi.

Bu birinchisi emasdi

SSSRda bu ijtimoiy ofatga qarshi kurash faqat 1985 yildagina boshlanmagan. Dastlabki kurash “dohiy” Lenin davriga borib taqaladi. O‘shanda ichkilikbozlik “Chor Rossiyasidan qolgan chirkin odat”lardan biri sifatida baholangan.