Turkiyadagi prezidentlik saylovlaridan avval noaniqlik darajasi juda yuqori — Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning yigirma yillik iqtidoriga yakun yasalishi ham mumkin. Uning asosiy raqibi — muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li.

The Bell u haqida nimalar ma’lumligi va u yutsa Rossiya bilan aloqalar nima bo‘lishini tahlil qildi.

14 may saylovlariga sanoqli kunlar qolganida asosiy nomzodlarning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatlari deyarli tenglashdi. Politico’ning saylovoldi so‘rovnomalari agregatori Qilichdoro‘g‘liga birinchi turda 49 foiz bermoqda, Erdo‘g‘anga esa 46 foiz. Agar ulardan biri birinchi turda 50 foizlik marradan o‘ta olmasa, ikkinchi tur 28 may kuni o‘tkaziladi va bu holatda so‘rovnoma orasidagi farq 51 ga 49 foiz bo‘lib turibdi. Biroq, hukumatparast Hurriyet gazetasi yaqinda agar davomat 90 foizdan oshsa, Erdo‘g‘an birinchi turdayoq g‘alaba qozonishini bashorat qilgan edi.

Payshanba kuni Qilichdoro‘g‘lining sobiq safdoshi, so‘rovnomalar unga 2–3 foiz atayotgan Muharram Injyening shahvoniy tasvirlari tarqatilishi ortidan saylovdan voz kechishi noaniqlik darajasi yanada oshishiga sabab bo‘ldi. Uning nisbatan yosh elektorati ikki yetakchini ham yomon ko‘radi, shu sababli ular kim tomonga o‘tishini taxmin qilish qiyin, deb yozadi Bloomberg. Biroq fond bozorlari saylovoldi kampaniyasining yanada qutblashishi iqtisodiy siyosatni o‘nglashni va’da qilgan Qilichdoro‘g‘li imkoniyatlari oshayotganini sezgan. Borsa Istanbul 100 indeksi bu yangilikdan so‘ng 6 foizga o‘sgan, bank sohasi indeksi esa 9 foizga. Uchinchi nomzod — milliyatchi Sinan O‘g‘an bunday holatda shunchaki statistga aylanadi.

Kamol Qilichdoro‘g‘li kim?

74 yoshli Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘andan 5 yosh katta, u muxolifatga 2010 yilda qo‘shilgan — umummilliy saylovlarda ikkinchi o‘rinni egallagan Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP)ni boshqara boshlagan.

Siyosatchi sifatida Qilichdoro‘g‘li — o‘ta qat’iy muhitdagi shafqatsiz tanlov mahsuli. Turkiya siyosatidagi chorak asrlik faoliyatida u katta xatolarga yo‘l qo‘ymagan (masalan, 2016 yilgi harbiy isyonda Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlagan), bir vaqtning o‘zida taktik ittifoqlar tuzish va koalitsiyalarda ishlash mahoratini sayqallab borgan. So‘nggi yillarda u raqibidan avval bu borada juda ortda bo‘lgan xarizmaga ham ega bo‘ldi — uning birinchi ta’sirli surati 2017 yilgi «Adolat marshi»da