O‘zbekiston | 10:53 / 13.05.2023
9290
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini jadallashtiradi

"Kazaxstanskaya pravda"  gazetasi veb-sahifasida "Qozog‘iston va O‘zbekiston Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini yaratishni tezlashtiradi" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Nashr ma’lum qilganidek, Toshkentda Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari Alixon Smailov va Abdulla Aripov raisligida ikki mamlakat markaziy hukumatlari idoralarining rahbarlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyodagi barcha savdolarning qariyb 80 foizini Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida o‘zaro savdo hajmlarini oshirish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish uchun muhim istiqbollar mavjud. Shu bois "Markaziy Osiyo" Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining qurilishi katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, savdo aloqalari ko‘lamlarini yanada kengaytirish tranzit va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishni talab etadi.

"Biz Xitoy - Qozog‘iston - O‘zbekiston yo‘nalishini rivojlantirishdan manfaatdormiz. Bir qator yirik temir yo‘l loyihalari ushbu yo‘nalishda o‘tkazish qobiliyatini oshirish imkonini beradi. Ular orasida Darbaza – Maktaaral liniyalari, Olmaota atrofidagi aylanma yo‘l va Do‘stlik stansiyasini rivojlantirish loyihalari mavjud",  deb yozadi nashr.

Ekologiya va suvdan foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish juda muhim, chunki bu masalalar ikki mamlakat aholisining turmush tarziga bevosita ta’sir qiladi.

Gazetaning xabar berishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1200 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.  Atigi 5 yil oldin bu ko‘rsatkich deyarli 6 baravar kam edi.

Nashr O‘zbekiston Bosh vazirining "Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdir. Davlatlarimiz rahbarlarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunida biz birgalikda barcha ustuvor yo‘nalishlarni, jumladan, qiymati 10 milliard AQSh dollariga teng miqdordagi aniq loyihalarni amalga oshirishni qamrab oluvchi yo‘l xaritasini qabul qildik",  deb aytgan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Maqolada xabar qilinganidek, tadbir doirasida ishtirokchilar savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini ko‘rib chiqdilar.

"Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular orasida hukumatlararo komissiyaning 20-yig‘ilishi bayonnomasi, uning doirasida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash, "Markaziy Osiyo" Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etishni jadallashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish qo‘shma amaliy harakatlar rejasi bor", deb yozadi "Kazaxstanskaya Pravda".

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid