Fargʻonada Rossiya armiyasiga yollangan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
1,5 yil qamoq va aldov
Sud hukmiga koʻra, 29 yoshli Z.T. 2019-yildan boshlab mavsumiy ravishda Rossiyaga qatnab, ishlab yurgan. 2023-yil bahorida qoʻshnisining taklifi bilan Moskva shahriga borgan hamda yetkazib beruvchi boʻlib ishlagan. 2024-yil iyun oyida hujjatsiz transport vositasini boshqargani uchun sudlanib, 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jazoni oʻtash davrida Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida qurilish ishlarida ishlash taklifi berilgan. Buning evaziga jazo qoʻllamaslik vaʼda qilingan.
Z.T. taklifga koʻngan. Ammo u qurilishga emas, frontga olib ketilgan.
Bosib olingan mina
Z.T. sudda aldab shartnoma imzolatishganini aytgan.
“500 nafarga yaqin migrantni Kursk viloyatining Sudja shahri yaqiniga olib ketishdi. U yerda bizni qurilish emas, Rossiya-Ukraina oʻrtasidagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolatishdi”, degan u.
Shundan soʻng Z.T. “Piton” shartli laqabi ostida janglarda qatnashgan. U jarohatlangan va vafot etgan askarlarni jang maydonidan olib chiquvchi guruhda oddiy askar boʻlib xizmat qilgan.
“2024-yil 25-dekabr kuni 4 nafar sherigim bilan jarohatlangan askarlarni jang maydonidan olib chiqish vaqtida ehtiyotsizlik qilib, yerga koʻmilgan minani bosib oldim. Mina portlab, oʻng oyogʻim barmoqlari uzilib ketdi”, degan Z.T.
Soʻngra uni harbiy gospitalga joʻnatishgan. U yerda 7 oy mobaynida davolangan. Bu vaqtda Z.T.ga Rossiya fuqaroligini berishgan, medal bilan taqdirlashgan, protez oyoq taqdim qilishgan.
Uyga qaytish va jazo
Z.T. 2026-yil aprel oyida Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga borib, fuqarolik pasportini yoʻqotib qoʻyganini aytgan. Soʻngra 30-aprel kuni vatanga qaytish guvohnomasi bilan Oʻzbekistonga qaytib kelgan.
JIB Quvasoy shahar sudining hukmi bilan Z.T. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.















