Qonunchilikka muvofiq, ota-onalar oliy o‘quv yurtlari yoki nodavlat maktab va bog‘chalarda o‘qiydigan farzandlariga ta’lim to‘lovlarini o‘z oylik ish haqlaridan to‘lab bersalar, 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishlari mumkin. Bu o‘zi ishlab o‘z kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi. (Qarindoshlar tomonidan to‘langan kontrakt summalariga nisbatan bunday imtiyoz amal qilmaydi).

Bunda muhim shartlar bor. Rasmiy ish bilan band bo‘lishingiz va daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lishingiz talab etiladi. Davlat ishida ishlaysizmi yoki xususiy sektordami, ahamiyati yo‘q.

Shu paytgacha ota-onalar 26 yoshga to‘lmagan farzandlari uchun to‘lov qilgan bo‘lishlari kerak edi, turmush o‘rtog‘ining kontraktini to‘laganlarga ham shunday yosh chegarasi bor edi. Lekin bu chegara 2023 yil 1 avgustdan olib tashlanyapti. Talabalar o‘zlarining kontraktlarini to‘laganlarida bunday talab yo‘q. Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Ismoilov bu borada bizga ma’lumot berdi.

Shuhrat Ismoilov

“Birinchi o‘rinda kimlarga daromad solig‘i qaytarib beriladi? O‘zi daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lganlarning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan kontrakt to‘lovlariga yo‘naltirilgan summalariga imtiyoz qo‘llanadi. Buning uchun bizga ma’lumki, jismoniy shaxs yoki talabaning o‘zi mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromad manbalariga ega bo‘lsa, soliq agenti sifatida daromad solig‘i ushlab qolinadi. Agar ota-onalar bilmasdan daromad solig‘i imtiyozidan foydalanmagan bo‘lsa, yil yakunlari bo‘yicha soliq organlariga deklaratsiya to‘ldirish orqali shu summalarni qaytarib olishi mumkin.

Agarda ota-ona yoki talabaning o‘zi biror joyda rasmiy ish bilan band bo‘lsa, bu o‘sha oylik ish haqi olinayotgan vaqtning o‘zida imtiyozdan foydalanish mumkin. Buning uchun ishxonasining buxgalteriya bo‘limiga murojaat qilish kerak. Deylik, sizning kontrakt summangiz miqdori 10 mln so‘m, kontrakt to‘lovlarini to‘lash yil boshida boshlanadi. Sentyabrda kontraktning 50 foizini to‘lash kerak. Bu degani 5 mln so‘m to‘lov amalga oshirib berishingiz kerak. Ota-ona yoki talabaning o‘zining ish haqi 5 mln so‘mga yetmasligi mumkin. Deylik, 3 mln so‘m oliy ta’lim muassasasiga yo‘naltirildi, shundan 12 foiz daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llanadi. Buning uchun buxgalteriya tomonidan soliq organiga imtiyozdan foydalanganingiz haqida ma’lumot yuboriladi.