O‘zbekiston | 17:15 / 29.05.2023
9858
3 daqiqa o‘qiladi

«Adolat» partiyasi O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini tasdiqladi

Joriy yilning 29 may kuni O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining navbatdan tashqari qurultoyi o‘tkazildi. 

Foto: «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi

Qurultoy kun tartibidan O‘zbekiston «Adolat» SDPdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi masalalar o‘rin oldi.

Qurultoyda delegatlar e’tiboriga O‘zbekiston prezidentligiga Robaxon Mahmudovaning nomzodi havola etildi. Mazkur masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar nomzodni qo‘llab-quvvatlab, barcha delegatlarni nomzodga ovoz berishga chaqirishdi.

Qurultoy kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan O‘zbekiston prezidentligiga «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining nomzodi Robaxon Mahmudova o‘z saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini qurultoy qatnashchilari e’tiboriga havola etdi.

Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturi o‘nta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, huquqiy davlat qurish, ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasining barqaror rivojini kafolatlash, aholi salomatligini kuchaytirish, jamiyat barqaror rivojlanishini ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitga e’tiborni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati, ayol va oilaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish, yuksak ma’naviyatli jamiyat barpo etish, tinchliksevar, adolatli va progressiv tashqi siyosat olib borish kabi vazifalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, nomzod dasturidan inson huquqlarini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratish, qonunlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish kabi ustuvor vazifalar o‘rin olgan.

Nomzod Saylovoldi dasturida fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Ijtimoiy davlat – 2030» dasturini ishlab chiqish, shuningdek, «Tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilish zarurati kabi takliflarni ilgari surdi.

Robaxon Mahmudovaning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan barcha masalalar qurultoy qatnashchilari tomonidan atroflicha muhokama qilindi va delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalar yakunida O‘zbekiston prezidentligiga Robaxon Mahmudovaning nomzodini ko‘rsatish haqidagi taklif va ularning saylovoldi dasturi qurultoy delegatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. 

Mavzuga oid