O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 2022 yil 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha 16 nafar mahkum nomidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror chiqardi. Shu bilan birga, shartli hukm qilingan 4 nafar shaxsga nisbatan prokuratura protesti ko‘rib chiqildi.

Oliy sudning 2023 yil 5 iyundagi ajrimiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining hukmi quyidagicha o‘zgartirildi:
hukmning marhum P. Shamshetovga jazo tayinlashga oid qismi bekor qilindi. Shu bilan birga vafot etgan P. Shamshetovga tegishli bo‘lgan Nukus shahridagi J. Seitova ko‘chasida joylashgan 32-uy Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 47 va 65-moddalari qo‘llanilgan holda marhumning merosxo‘rlariga qaytarilishi belgilandi;
B. Kadirbergenov, S. Medetov, B. Seytniyazov, Q. Seytimov, P. Nurniyazov, S. Kalimov, N. Sultamuratov, A. Temirxanov va ularning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatlar qanoatlantirildi.
Shunga ko‘ra:
- B. Kadirbergenovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- B. Seytniyazovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- S. Medetovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- Q. Seytimovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- P. Nurniyazovga tayinlangan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- S. Kalimovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- N. Sultamuratovga tayinlangan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga;
- A. Temirxanovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirildi.
Ularning ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan har bir kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, barchasi sud zalida qamoqdan ozod qilindi.


















