Mahkama xabariga ko‘ra, unda oliygohga o‘qishga qabul qilishda shaffoflik ta’minlanmasdan, korrupsiyaviy omillarga zamin yaratilgani aniqlangan.

Xususan:

– me’yoriy hujjatlar talablariga zid ravishda o‘qishga qabul boshlangani haqida keng jamoatchilikka bir oy oldin xabar berilmagan;
– 496 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari videotasvirga olinmagan;
– 52 nafar abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.

Bundan tashqari, akademiyada 22 nafar o‘qituvchi-pedagoglarga dars mashg‘ulotlari me’yor talablariga zid ravishda qo‘shib yozilib, 319 mln so‘m, o‘tilmagan dars soatlari uchun 154 mln so‘m to‘lab berilgan.

Hujjatlar soxtalashtirilib, haqiqatda ishlamagan 7 nafar xodimlarga 270 mln so‘m, yuklatilgan vazifalarni bajarmagan 6 nafar xodimlarga 107 mln so‘m asossiz to‘lanib, budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Moddiy javobgar shaxslar tomonidan 76 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.