To 2017 yilgacha amalda bo‘lgan valuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli O‘zbekiston uzoq yillar xalqaro savdo uchun yopiq mamlakatga aylangandi. 90-yillarda Markaziy bankda ishlagan iqtisodchi Komiljon Akramovning aytishicha, konvertatsiyaning yopilishi – davlat o‘sha vaqtdagi iqtisodiy muammolar yechimi sifatida XVJning qarshiligiga qaramay pul chop qilishga qaror qilishi ortidan ro‘y bergan.

Iqtisodchi olim, Xalqaro oziq-ovqat muammolarini o‘rganish instituti (IFPRI) katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda O‘zbekistondagi oziq-ovqat ishlab chiqarish va iste’mol muammolari, zarur ma’lumotlarni topishning qiyinligi, o‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi jiddiy xatolar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ocharchilik muammosi: tarix va bugun

O‘tgan asrning 70-yillarida ocharchilik katta muammo bo‘lgan. Ayniqsa, kollanial tuzum tugaganidan keyin, Janubiy Osiyoda ya’ni Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Nepal va Shri-Lanka kabi davlatlarda bu jihat juda dolzarb hisoblangan. Keyinchalik “Yashil inqilob” sodir bo‘lib, bug‘doy, makkajo‘xori kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yangi navlarini ekish va yetishtirish boshlanadi. Buning natijasida unumdorlik oshadi. Shu jihatdan, ocharchilik muammosi ko‘p mamlakatlarda o‘z yechimini topdi.

Hozirda iqlim o‘zgarishi va urushlar tufayli Somali, Efiopiya yoki Sudan kabi davlatlarda ocharchilik lokal muammo sifatida bor, lekin global miqyosida katta muammo sifatida ko‘rilmaydi.

Bitta inson kuniga 2200-2250 kkal iste’mol qilishi kerak, lekin bu kaloriyani faqat non yoki shakar iste’mol qilib ham olish mumkin. Ammo inson yashashi uchun faqat kaloriyaning o‘zi yetarli emas, bir qancha turdagi vitaminlar ham kerak bo‘ladi. Bugungi kunda sifatli ovqatlanish sohadagi asosiy muammo hisoblanadi. Ilmiy tilda bu yashirin ochlik (hidden hunger) deyiladi.

Komiljon Akramov
Foto: YouTube