«IT-sektoriga berilgan ongli zarba» – Rossiyalik dasturchi Ilya Sachkov davlatga xiyonatda ayblanib 14 yilga qamaldi
Rossiyadagi kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Group-IB kompaniyasi asoschisi Ilya Sachkov sud tomonidan davlatga xiyonatda ayblanib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. FSB versiyasiga ko‘ra, Sachkov xorijiy maxsus xizmatlarga davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni bergan. Bu ish ikki yildan buyon olib borilmoqda va gap qanday ma’lumotlar haqida ketayotgani aniq emas. Ish materiallari maxfiy.
Sachkov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmaydi. So‘nggi so‘zida ham buni yana bir bor takrorladi. BBC rus xizmati kiberjinoyatlarga qarshi kurashgan dasturchining «josuslik ishi» qanday kechgani, Sachkovning o‘zi qo‘lga olinishida kimni ayblashi haqida hikoya qildi.
«Moskva-Siti»dagi bazm
«Menga qarshi ishning davlatga umuman aloqasi yo‘q, bu o‘zim bilan bog‘liq. Ba’zi odamlarga kiberjinoyatchilik bilan kurashganim xalaqit bergan ko‘rinadi. Aytishlaricha, qo‘lga olinganimdan keyin hakerlar guruhi «Moskva-Siti»da bazm uyushtirgan», degandi Sachkov 2022 yil o‘z ustidan ochilgan jinoyat ishini izohlar ekan.
Bu gaplarni advokati orqali ommaga yetkazganda Sachkov sakkiz oydan buyon tergov qamoqxonasida edi. Uni 2021 yil sentabr oyida qo‘lga olishadi. O‘shanda Group-IB ofisiga niqobdagi va fuqarolik kiyimidagi odamlar tintuv o‘tkazib, u yerdagi narsalarni olib ketishgan.
OAVda mashhur dasturchi qo‘lga olinishi bo‘yicha turli taxminlar ilgari surila boshladi. Forbes'ning yozishicha, Sachkovning yaqinlari uning qo‘lga olinishini Evil Corp. guruhi rahbari Maksim Yakubetsni omma oldida tanqid qilgani bilan bog‘laydi. Evil Corp. 2019 yildan buyon AQSh sanksiya ro‘yxatida turadi. Amerika hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, bu guruh hakerlari 40 dan ortiq davlatlardagi odamlar, banklar va korxonalardagi kompyuterlarni Dridex virusi bilan zararlash orqali 100 million dollardan ortiq pul o‘g‘irlagan.
2020 yil Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakatdagi IT-mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazadi. O‘sha uchrashuvda so‘zga chiqqan Sachkov Rossiya hukumatini kiberjinoyatlar bilan kurashishda sustkashlikda ayblab, misol sifatida aynan Yakubetsni keltiradi.
«Men vatanparvar insonman. Shunday ekan, uni tanqid qilsam, faqat vatanga mehrimdan deb biling. Birinchi aytmoqchi bo‘lganim – Rossiyaning dunyodagi kiberjinoyatlar va kiberxavfsizlikka nisbatan bo‘lgan ritorikasi. Moskva ko‘chalarida raqamiga VOR (o‘g‘ri – tarj.) deb yozib yuradigan janob Maksim Yakubets kompyuter jinoyatchisi, Duridex virusi asoschisi ekanini dunyodagi hamma injyener biladigan bir vaqtda Rossiyadagi hech bir organ bu ayblovlarga javob bermaydi. Maksim o‘zining hashamatli mashinasida Moskva ko‘chalarini kezishda davom etmoqda. Ishoning, bu axborot xavfsizligi bo‘yicha mahsulotlarini eksport qiladigan rus kompaniyalari imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», degandi Mishustin bilan uchrashuvda Sachkov.
«Sobiq FSB xodimining tuhmatiga ko‘ra»
2022 yil dekabr oyida Telegram'da Sachkov nomidan yuritiladigan kanal paydo bo‘ldi. Unda hakerlar, ChatGPT, Rossiya qonunlari, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarni qanday qilib ortga qaytarish mumkinligi haqida postlar chiqa boshladi. Sachkovning advokati bu kanal kim tomonidan yuritilishini izohlashni istamadi.
2023 yil yozida o‘sha kanalda Sachkovning qo‘lga olinishidan oldingi videosi e’lon qilinadi. «Bu videoni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, menga nimadir bo‘lgan yoki endi bo‘ladi. Aytaylik, kasalxonaga yoki qamoqxonaga tushishim mumkin. Umuman olganda, bunday noodatiy narsalarga o‘rganib qoldik», deydi o‘sha videoda Sachkov.
Dasturchi unga nisbatan jiddiy provokatsiya tayyorlanganini aytadi. «Meni turli yo‘llar bilan zararsizlantirmoqchi bo‘lishdi. Shuning uchun, bu asossiz ayblovni o‘ylab topishgan», deyiladi kanaldagi videomurojaat ortidan e’lon qilingan keyingi postda.
«FSBda ishlaydigan va internetimiz xavfsizligi uchun javob beradigan Oleg Innokentevich Kashensovga (FSB Axborot xavfsizligi markazi rahbari – tahr.) alangali salomlarim. Aynan unga o‘xshagan odamlar sabab bizda xavfsizlik yo‘q. Ular mavjud bo‘lmagan ichki dushman bilan kurashish uchun davlat pulini sarflash, ishchilarini aqldan ozdirish va rus injyenerlarining motivatsiyasini tushirish bilan band», deydi Sachkov.
Telegram-kanalda dasturchi qo‘lga olinishida nafaqat Oleg Kashensovni, balki FSB Axborot xavfsizligi markazi sobiq rahbari Sergey Mixaylovni ham ayblagan. Qizig‘i, Mixaylov ham Sachkov kabi davlatga xiyonatda ayblangan. FSB polkovnigi bo‘lgan Mixaylovni 2016 yil dekabr oyida, Sachkov qo‘lga olinishidan 5 yil oldin qo‘lga olishadi.
Rossiyada «chet el agenti» deb topilgan The Bell nashri Mixaylov mamlakat xavfsizlik xizmatlaridagi kiberjinoyatlarni ochish bo‘yicha eng asosiy kadrlardan biri ekanini aytgan. Ish materiallarida aytilishicha, Mixaylov Amerika maxsus xizmatlariga Chronopay to‘lov tizimi asoschisi, AQShda kiberjinoyatchi deb e’lon qilingan Pavel Vrublevskiy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni bergan.
Polkovnik Mixaylov ishida guvoh sifatida jalb qilinganlar orasida Ilya Sachkov ham bor edi. FSB sobiq mulozimi 2019 yil 22 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Mixaylovning advokati Sachkov ish bo‘yicha yolg‘on ko‘rsatma bergani, aynan uning ko‘rsatmasidan keyin tergov Mixaylov davlatga xiyonat qilgan degan xulosaga kelganini iddao qilgan.
Sachkov esa 2023 yil yozida e’lon qilgan videosida aynan Mixaylovning tuhmati sabab tergov qamoqxonasiga tushib qolganini aytadi. «Bu yo‘q joydan dushman izlayotgan hozirgi Axborot xavfsizligi markazi rahbariyatining malakasi bo‘yicha savollar paydo qiladi», degandi tadbirkor. Sachkov qo‘lga olinishidan avval yozib olingan bu video internetda u qamoqqa olinganidan 2 yil o‘tib e’lon qilinadi. Bu xabar Sachkovning ishi Moskva shahar sudiga oshirilganidan bir kun avval tarqaladi.
Advokat Yevgeniy Smirnovning aytishicha, odatda davlatga xiyonat bo‘yicha ish materiallari maxfiy qolishi sabab jamoatchilik Sachkov aynan nimada ayblanayotganini tushunmayotgan bo‘lishi tabiiy. «Shunchaki Sachkov bilan hisob-kitob qilishmoqchi degan taassurot uyg‘onmoqda. Bunaqasi jurnalistik faoliyati uchun ta’qib qilingan Ivan Safronov ishida ham bo‘lgandi», deydi advokat.
Ta’qib va bosim
O‘quvchilar Sachkov tomonidan yuritilgani aytilajak kanalda e’lon qilingan videolar montaj qilingani, undan ba’zi fragmentlar kesib tashlanganiga e’tibor qaratgan. 2021 yil dekabr oyida BBC va boshqa nashrlar Sachkov o‘sha kesilgan videoda uni o‘ldirishsa, tanasini yoqib kulini kuchishlatar tuzilmalardan yuqori mansabli mulozimlardan birining yuziga sepishni so‘raganini aniqlagan. Sachkov aynan o‘sha odamni o‘zining qo‘lga olinishida bosh-qosh bo‘lgan deb o‘ylagan. Videoning originalini ko‘rgan manba BBC bilan suhbatda bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Videoda Sachkov uni kuzatishgani haqida ham gapirgan. Bu haqda dasturchi 2022 yil may oyida «Lefortovo»da bo‘lgan vaqtida Forbes bilan suhbatda aytgan. «O‘zimga nisbatan bosimni sezdim. 2014 yildan buyon boshqacha turdagi harakatlarni ham payqab kelardim. Ammo menda qayergadir qochish xayoli bo‘lmagan, chunki men avvalboshdan Rossiya qonunlariga ham, xalqaro qonunlarga ham rioya qilishga odatlanganman», degan u.
Dasturchining aytishicha, qo‘lga olinishi ortida Rossiya hukumati emas, aynan ba’zi kuch tuzilmalari mulozimlari turgan deb hisoblaydi. U hatto Putinga o‘zini qo‘yib yuborishini so‘rab hat ham yozgan. «Bu yangi Drayfus ishi deb hisoblayman. Men xoin yoki josus emas, shunchaki rus injyeneriman. O‘z ishlarim bilan vatanga foydam tegishini ham ko‘p marta isbotlaganman. Prezidentim Vladimir Putindan tergov vaqtida maksimal cheklovlar bilan bo‘lsa ham uy qamog‘ida qolishni so‘rayman», deb yozilgandi Sachkovning advokati jurnalistlarga yetkazgan xatida.
Putinga Sachkovning onasi ham murojaat qilib, o‘g‘lining ishiga yordam berishni so‘radi. «[O‘g‘limning qo‘lga olinishidan] faqat hakerlar xursand bo‘lmoqda. Ilyaning qo‘lga olinishi va qamalishi mamlakatdagi ruhiy holatga salbiy ta’sir qiladi. Axborot xavfsizligi makonini esa gapirmasa ham bo‘ladi», degandi ona murojaatida. U o‘z farzandini «vatanini sotishga qo‘li bormaydigan haqiqiy vatanparvar» deb atagan.
«FSBga hurmat saqlagan holda aytishim kerakki, qanchadan qancha malakali odamlar, millatning yetuk vakillari «vatan xoini»ga chiqib ketgan. Tarix takrorlanyaptimi? Axir o‘g‘lim aynan nimada ayblanayotganini hech kim bilmaydi-ku? O‘zi u chindan biror jinoyat qildimi yoki shunchaki kimgadir yoqmay qoldimi? U jinoyatchi hakerlarga xalaqit bergani aniq. Ilyani yo‘q qilish kimga kerak bo‘lib qoldi?» degan ona.
Sachkovga hukm chiqarilishidan ikki kun avval yuqorida aytilgan kanalda Sachkovning kutilmaganda AQShni ayblashga qaratilgan xabari paydo bo‘ldi. «Agar menga ayblov e’lon qilinsa, bu AQSh maxsus xizmatlarining navbatdagi muvaffaqiyatli operatsiyasi va Rossiya IT-sektoriga qaratilgan ongli zarba bo‘ladi», deyiladi Sachkovning murojaati ekani aytilgan postda. Unda aytilishicha, Sachkov ushbu gaplarni o‘z ishi bo‘yicha o‘tkazilgan oxirgi sud majlisidan keyin aytgan.
Dasturchi sud majlisidagi oxirgi so‘zida ham o‘z aybini bo‘yniga olmagan. Advokatga ko‘ra, uning kayfiyati yaxshi va ayblov e’lon qilingan taqdirda ham aybsiz ekaniga ishonmoqda.
Group-IB: Sachkov qo‘lga olinganidan oldin va keyin
Sachkov asos solgan Group-IB kompaniyasi kiberjinoyatlarni bartaraf etish va ularni surishtirish bilan shug‘ullanadi. Tadbirkor bu kompaniyaga 2003 yil Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetida o‘qib yurgan chog‘ida asos solgan. Kompaniya ochilishi uchun dastlabki 5 ming dollarni uning akasi bergan. Tezda muvaffaqiyat qozongan kompaniya 2007 yilda Rossiya tashqarisida ham faoliyati yurita boshlaydi. Masalan, o‘sha yili Group-IB dunyoning eng boy kompaniyalaridan biri Microsoft bilan hamkorlik qila boshlaydi. Kompaniya parallel tarzda Rossiyaning yirik davlat korxonalari bilan ham hamkorlikda ishlaydi.
Group-IB asoschilaridan biri Dmitriy Volkovning aytishicha, rahbarining «josuslikda ayblanib» qo‘lga olinishi davlat korxonalari bilan hamkorlikka putur yetkazadi. Chunki Rossiyadagi davlat korxonalari uchun davlatga xiyonat ayblovi «qora nuqta» hisoblanadi. Sachkovning o‘zi esa kompaniyasining asosiy daromadi davlat korxonalari bilan emas, biznes vakillari bilan hamkorlikdan kelishini aytgan. «Davlat bilan hamkorlikdan deyarli foyda ko‘rmaymiz. Bizning mahsulotni sotib olgan birinchi davlat Rossiya emas, Singapur ekanini ham ta’kidlashim kerak», degandi u.
BBC surishtiruv davomida Sachkov qamalganidan keyin kompaniyani qancha mijoz tark etgani haqida so‘rov yuborib, hozircha javob olmagan.
Kompaniyaning hozirgi bosh direktori Valeriy Bualinning aytishicha, 2022 yilda Group-IB daromadlari oshgan, chunki kiberrazvedkaga bo‘lgan talab oshgan. Buni Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab rus kompaniyalariga turli kiberhujumlar ko‘paygani va axborot xavfsizligi masalasi yanada dolzarblashgani bilan bog‘lash mumkin.
2019 yildan buyon kompaniyaning Singapurda ham vakolatxonasi bor. Sachkovning fikricha, rus korxonalari xorijiy hamkorlar bilan Rossiyadan turib ishlay olmaydi. «Kimdir buni vatanparvarlikka zid qadam deb hisoblasa, demak u ahmoq. Nega men Rossiya tashqarisida qilgan ishim uchun pul olsam, valuta nazoratiga josus emasligimni isbotlashim kerak? Axir men dunyodagi oldi banklarga rus texnologiyalarini eksport qilaman. Siz Rossiyada ishlash uchun normal sharoit qilib bering, o‘sha zahoti Group-IB'ning global shtab-kvartirasi Rossiyadagisi bilan birlashadi», degandi Sachkov.
Tadbirkor uning kompaniyasi siyosatga «burnini tiqmasligi» haqida ham ko‘p gapirgan. «Biz Navalniyga qarab ishlamaymiz, josuslik qilmaymiz, davlatlar o‘rtasidagi axborot urushlarida qatnashmaymiz. Bu bizning xalqaro biznes faoliyatimizga xalaqit beradi», degandi Sachkov 2014 yilda.
Sachkov doim Rossiya hukumati bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga harakat qilib kelgan. Putin bilan uchrashuvlaridan biri tadbirkor Group-IB «rus» kompaniyasi «Kasperskiy laboratoriyasi»dan 4 baravar kuchli ekanini aytgandi. 2015 yil Medvedev bilan uchrashuvda esa undan Rossiya kompaniyalarini axborot xavfsizligi sohasida rus innovatsion texnologiyalarini sotib olishdan qo‘rqmaslikka chaqirishni so‘raydi.
Keyinroq Sachkov Putin va Medvedev bilan uchrashuvlardagi gaplarini shunday izohlagandi: «Muhandis o‘z prezidentiga nimalar qila olishini ko‘rsatishi noodatiy holat emas. Bunday vaqtda siyosatni chekkaga surib nimalarga qodir ekaningni ko‘rsatish kerak».
O‘sha yil aprel oyida Group-IB kompaniyasi xalqaro va mahalliy ko‘rinishda ikkiga bo‘lingandi. Top-menejment va rossiyalik aksionerlar biznesning Rossiyadagi qismini sotib olishdi. Endi u F.A.S.S.T. (Fight Against Cybercrime Technologies) nomi bilan rivojlanmoqda. Ushbu kompaniyaning 37,5 foiz aksiyasi hamon Sachkovga tegishli. Group-IB brendi esa faqat xorijiy bozorda faoliyat yuritadi.
Group-IB saytida urushgacha va biznes ikkiga bo‘linishidan avval kompaniya Rossiya maxsus xizmatlari, Interpol, Yevropol va Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlik qilishi yozilgandi. Aftidan, Rossiya davlat korxonalariga texnik xizmat ko‘rsatishi sabab Ukraina Sachkovning kompaniyasiga qarshi sanksiya joriy qilgan.
Kompaniya ikkiga bo‘linib qayta tashkil qilingach esa uning saytida Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishi, qaysi rus korxonalari bilan ishlagani haqida bandlar olib tashlandi.
Tergov qamoqxonasida bo‘lgan Sachkov Rossiya hukumatini maqtashga ham, tanqid qilishga ham ulgurdi. Masalan, Rossiyani tark etayotgan dasturchilarni qaytarish uchun nimalar qilish kerakligini tushuntirgan gapida: «Dunyoning hech bir yerida kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis o‘zini Rossiyadagidek ko‘rsata olmaydi. Rossiya eng ko‘p kiberhujumga uchraydigan va ayni damda eng kam himoyalanadigan davlat. Hukumat bu borada mutaxassislarni armiyadan ozod qilib, imtiyozli ipoteka dasturlarini yo‘lga qo‘yib to‘g‘ri qilmoqda. Ammo bu yetarli emas. Ularga o‘zlari bilan birga yaqinlari ham xavfsizlikda bo‘lishini tushuntirish kerak», degandi Sachkov Lefortovodagi tergov qamoqxonasidan turib.