O‘zbekiston | 07:26 / 02.09.2023
6209
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan xalqaro aeroporti terminalining birinchi bosqich rekonstruksiya ishlari yakunlandi

Terminalning o‘tkazish qobiliyati 3 baravarga oshib, eng tig‘iz vaqtda 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Foto: Uzbekistan Airports

2023 yil 1 sentabr kuni Namangan xalqaro aeroporti uchib kelish terminalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Yangilangan terminal Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Yekaterinburg — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha HY9830 reysining dastlabki 171 nafar yo‘lovchisini hamda Toshkentdan Namanganga uchgan Silk Avia US501 reysining 63 nafar yo‘lovchisini qabul qildi.

Uchib kelish zalida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning umumiy maydoni 720 kvadrat metrdan 1756 kvadrat metrgacha oshdi. Shundan 1365 kvadrat metr xalqaro reyslar yo‘lovchilariga va 391 kvadrat metr ichki reyslarga xizmat ko‘rsatish uchun.

Shu tariqa, terminalning o‘tkazish qobiliyati 3 baravarga oshib, eng tig‘iz vaqtda 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Rekonstruksiya doirasida uchib kelish terminaliga yangi bagaj lentalari, chegara nazorati kabinalari, tejamkor suv isitgichlari, sovitish tizimlari va yerosti isitish radiatorlari o‘rnatildi. Aeroport terminali ustida energiya tejovchi quyosh panellari bor, ular terminal umumiy ehtiyojining 30 foizigacha elektr energiyasini ta’minlaydi. 100 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan yangi avtomatlashtirilgan avtoturargoh ochildi.

Ikkinchi bosqich — jo‘nab ketish terminalining rekonstruksiya ishlari 2023 yil sentabr oyida boshlanadi.

Mavzuga oid