O‘zbekiston | 09:00 / 13.09.2023
9487
5 daqiqa o‘qiladi

SamDAQUda yangi o‘quv yiliga start berildi 

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida yangi o‘quv yiliga start berildi.

Foto: SamDAQU

Universitetda yangi o‘quv yilining ilk haftasi 4-8 sentabr kunlari “Orientation week” ya’ni tanishuv haftaligi deb belgilangan bo‘lib, tanishuv haftaligi doirasida 20 dan ortiq ilmiy, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Yangi o‘quv yili ochilish marosimida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Chidem Turkyilmaz xonim nutq so‘zlab, barcha yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi hamda talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan talabalarni samimiy tabrikladi. Talabalarga yangi o‘quv yilida yangi marralar, yuqori natijalarga erishishlarini tilab, o‘quv yilini rasman ochib berdi.

Tadbirda so‘z olgan “Silk Road Research Academy” ijrochi direktori Azamat Akbarov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Abror Gadayev yurtimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ta’lim sifatida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Ma’lumot uchun hozirgi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 228 nafar professor-o‘qituvchilar, shu jumladan o‘nlab xorijlik mutaxassislar 7106 nafar talabalarga dars berib kelishmoqda. Joriy yilda 2441 nafar yigit-qizlar ushbu universitetda talabalik maqomiga ega bo‘ldilar. Ularning 2015 nafari kunduzgi, 360 nafari sirtqi, 62 nafari ikkinchi oliy ta’limga hamda 4 nafari magistratura bosqichiga qamrab olindi.

Tanishuv haftaligi doirasida universitetda dastlab Mustaqillik darslaridan boshlandi. Unda fakultetlarda “Vatan ozodligi yo‘lida shahid ketganlar xotirasi mangu barhayotdir” mavzusida olib borildi. Ushbu darslar Istiqlol yo‘lida shahid ketgan ajdodlarimizning xotirasiga bag‘ishlandi. Keyingi kunlarda haftalik doirasida “Hemis” axborot portali va kredit-modul tizimi, ilmiy hamda amaliy master-klass darslari va ma’naviy-ma’rifiy klublar taqdimotlari o‘tkazildi.

Taqdimotlar orasida talabalarga eng qiziqarli bo‘lgani bu yangi o‘quv yilida universitet huzurida yangi tashkil etilgan “Inkubatsiya markazi” katta taassurot qoldirdi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-416-son qarori 10-bandiga asosan tashkil etildi.

Samarqand viloyati hokimligi yordamida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ushbu markazning jihozlanishi va faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 971 million so‘m yo‘naltirildi.

Markazning asosiy maqsadi — Ilmiy va innovatsion loyiha va ishlanmalarni, “Start Up” g‘oyalarni tijoratlashtirish va xo‘jalik shartnomalari hisobidan ko‘rsatiladigan xizmatlar evaziga foyda olish hisoblanadi.

Hozirgi kunda markazda “Erasmus+: DSinGis” loyihalar markazi, “Master Plan” markazi, “Start Up” va “Coworking” markazlari faoliyat yuritmoqda. Markazda talabalarning qiziqishlaridan kelib chiqib, 14 xil turdagi malaka kurslari ham tashkil etildi.

Shuningdek universitetda yangi o‘quv yilidan Talabalar dekanati tarkibidagi “Talaba klublari” bo‘limi 2023/2024-o‘quv yilidan o‘z ish faoliyatini boshladi. Unda talaba va professor-o‘qituvchilarning xohish va istaklaridan kelib chiqqan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha bugungi kunda 31 ta talaba klublari tashkil etildi.

Tanishuv haftaligi doirasida “Shoira va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi a’lochisi, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt xizmati ordeni” sohibasi Xosiyat Bobomurodova bilan ijodiy kecha uyushtirildi.

“Orientation week” tanishuv haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar universitetning birinchi bosqichiga qabul qilingan talabalarda iliq taassurotlarni qoldirdi.

SamDAQU Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid