Jahon | 16:32 / 14.09.2023
31774
5 daqiqa o‘qiladi

Vafot etishga ruxsat berilmagan shahar – Longyirbiyen shahri qanday joy?

Norvegiyaning Svalbard arxipelagida joylashgan Longyirbiyen shahri aholisi vafot etish uchun shahardan tashqariga chiqishga majbur. Bu qonuniy talab. Chunki shahar tabiati jasadlarning chirishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

Foto: Getty Images

Longyirbiyen Norvegiyaning Svalbard arxipelagida joylashgan kichik shahar. Hudud ko‘mir qazib olishga ixtisoslashgan. Arktikada joylashgan bu shahar haqida bir-biridan qiziq ma’lumotlar borki, ular haqida juda kam gapirilgan.

Tog‘-kon sanoati uchun ochilgan shahar

Longyirbiyen Adventfyord qirg‘og‘idagi vodiyda joylashgan bo‘lib, tik tog‘lar va bir nechta muzliklar bilan o‘ralgan. Shahar 1990 yillarda tog‘-kon sanoati sabab vujudga kelgan. 1901 yilda amerikalik sanoatchi John Munro Longyir bu yerga kelib konchilik qidiruv ishlarini boshlaydi. Va 1906 yilda hududdagi ilk konni ochadi. Shundan keyin shahar nomi Longyirbiyen deb atala boshlanadi. “Long year” – uzun yil degan ma’noni anglatadi. Hozir ham bu hudud konchiligi bilan mashhur va odamlarning asosiy qismi ham shu soha egalaridir.

Shaharda o‘tgan 40 yil ichida konchilikdan tashqari boshqa bizneslar ham rivojlandi. Masalan, endilikda shahar turistlar orqali ham boyimoqda. Yiliga 100 mingdan ortiq kishi shaharga tashrif buyuradi.

Kunduz kuni ham fonarda yurish

Longyirbiyenda eng issiq harorat 21 daraja, eng sovuq esa – 46,3 darajada qayd etilgan. Shaharda 53 davlatdan odamlar kelib yashaydi. Ularning soni esa 2,400 atrofida. Yashashga keladiganlar orasida sovuq Arktika tabiatida ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlaydigan sarguzasht ixlosmandlari ham bor. 

Longyirbiyen dunyoning eng shimoliy shahri hisoblanadi. Shaharda quyoshning eng oxirgi botishi 25 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Shundan keyin 4 oy davomida quyosh qaytib chiqmaydi. Quyoshning qayta chiqish kuni 8 mart bo‘lib, odamlar shu kuni 12:15 da quyoshning rasman qaytishini kutib olish uchun yig‘ilishadi. Bu marosim bayrami 1 hafta davom etadi. Quyoshsiz kunlarda odamlar ishga yoki biror yumush bilan ko‘chaga chiqsa, boshda fonar bilan yuradi. 

Oq ayiqlar va bug‘ular bilan qo‘shnichilik

Shahardagi o‘ziga xosliklardan biri odamlar shimol bug‘ulari va qutb ayiqlari bilan yonma-yon yashaydi. Suvga yaqin joylarda esa suzayotgan kitlarni ham ko‘rish mumkin.

Oq ayiqlar istalgan payt yo‘lingizdan chiqib qolishi mumkin. Shuning uchun aholi ko‘pincha qurol bilan yuradi. Iqlimi qattiq sovuq, aksar kunlarida bulutli va quyosh bo‘lmaydi. Bu manzara ayrim sayyohlar uchun ma’qul kelsa, ayrimlarga yoqmasligi mumkin.

O‘lish taqiqlangan

Bu yerga chetdan odamlar ishlash va yashash uchun keladi, lekin uzoq muddatga emas. Norvegiya rasmiylari statistikasiga ko‘ra, odamlarning bu yerda o‘rtacha qolib yashashi 7 yilga to‘g‘ri keladi.

Qonun bo‘yicha odamlarga Lonyirbiyenda vafot etishga ruxsat berilmagan. Chunki Arktikaning o‘ta sovuq iqlimi jasadlarning chirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham shahardagi qabristonda o‘lik qabul qilish to‘xtatilganiga 70 yil bo‘lyapti.

Qonunga ko‘ra, shahar aholisi vafot etish uchun rasmiy ruxsat olib, boshqa shaharga ketishi kerak. Agar kimdir to‘satdan o‘lib qolsa, uning jasadi samolyotda yoki kemada Norvegiyaga jo‘natiladi.

Shaharning voz kechilmas transporti

Longyirbiyen shahrida jami yo‘llar uzunligi qo‘shib chiqilsa, 40 kilometrni tashkil qiladi. Shahar shahar atrofi, shahar markazi va yangi shaharga bo‘lingan. Ko‘pgina mehmonxonalar, restoranlar, pablar va do‘konlar shahar markazida joylashgan. Ko‘chalarga nom emas, raqam qo‘yilgan. Tub aholi madaniyatiga ko‘ra, mehmonxona yoki restoranlarga oyoq kiyim yechib kiriladi.

Shaharda kam odam yashashiga qaramasdan, metropolis sayyohlarga ham, aholiga ham juda keng servis turlarini taqdim qiladi. Masalan, bir qancha restoranlar, bar, do‘kon va tabiat qo‘ynida ko‘ngilochar mashg‘ulotlar sayyohlar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. 

O‘ta sovuq haroratda uzoq shimol davlatidagi bu shaharning o‘z shokolad fabrikasi, issiqxonasi borligi va unda bir qancha sabzavotlar yetishtirilishini ko‘p kishi taxmin qilolmasligi mumkin. Aslida esa bu sanalganlarning barini Longyirbiyenda uchrata olasiz.

Shaharning asosiy transporti Snowmobile deb ataladi. U kattaroq mototsiklni eslatib yuboradigan, qorda yurishga moslashgan transport turi. Va bu shahardagi eng asosiy transport vositasi hisoblanadi.

Mavzuga oid