O‘zbekiston | 09:38 / 16.09.2023
24533
3 daqiqa o‘qiladi

Iste’fodagi general-mayor Aleksandr Shishlyannikov vafot etdi

U o‘tgan asrning 90-yillari boshida Tojikistondagi fuqarolik urushi vaqtida O‘zbekiston tomonidan yuborilgan 200 dan ortiq ofitserlardan biri edi va qo‘shni mamlakatning ilk mudofaa vaziri bo‘lgandi.

Foto: Mudofaa vazirligi

2023 yil 15 sentabr kuni O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasi harbiy ilmiy-amaliy ishlab chiqish markazi katta ilmiy xodimi, harbiy fanlar nomzodi, professor, iste’fodagi general-mayor Aleksandr Shishlyannikov og‘ir kasallikdan keyin 73 yoshida vafot etdi.

Aleksandr Shishlyannikov 1950 yil 3 noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1971 yil Toshkent oliy tank-qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagandan so‘ng, Chexoslovakiyadagi Markaziy qo‘shinlar guruhi va Germaniyadagi G‘arbiy qo‘shinlar guruhi qismlarida xizmat qilgan. 1993-1995 yillarda Tojikiston mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

U butun umrini Qurolli kuchlar safida xizmat qilishga bag‘ishlagan. 30 yildan ortiq haqiqiy harbiy xizmati davomida Aleksandr Shishlyannikov uning barcha bosqichlarini bosib o‘tdi: tank bilim yurti kursantidan tortib, O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasining tezkor san’at va umumiy taktika kafedrasi boshlig‘igacha, Tojikiston birinchi mudofaa vaziri, leytenantdan-generalgacha.

2012 yilda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon shunday degan edi: «Milliy armiyani men o‘zim poligonda, chodirlarda tuzganman. Bizda qurolli kuchlar ham, mudofaa vaziri ham, general va ofitserlarimiz ham yo‘q edi. Biz boshqa davlatdan 200 dan ortiq ofitser so‘radik. Va ular orasida men polkovnik Shishlyannikovni tanladim va uni mudofaa vaziri etib tayinladim. Bizda hech nima yo‘q edi, biz noldan boshladik».

«Chuqur bilim, topshirilgan vazifa uchun chuqur mas’uliyat hissi, g‘oyat mashaqqatli xizmat va yuqori qo‘mondonlik mahorati A.V. Shishlyannikovning o‘ziga xos xususiyatlari edi. U o‘zini faol, tashabbuskor va shijoatli harbiy rahbar sifatida namoyon etdi, o‘ziga va qo‘l ostidagilarga nisbatan talabchan, odamlarga g‘amxo‘rlik qildi, bu bilan esa u umuminsoniy hurmatga sazovor bo‘ldi», deyiladi O‘zbekiston mudofaa vazirligi xabarida.

U 70 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, Qurolli kuchlarning 20 dan ortiq ofitserlariga ilmiy rahbarlik qilgan. 

Aleksandr Shishlyannikov davlat mukofotlari, jumladan 3 ta orden va 50 dan ortiq medal hamda esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Mamlakat Qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, harbiy fanni shakllantirish va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2019 yilda u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid