Energetika vazirligi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya auditi boshqarmasi boshlig‘i Abdullajon Otaboyev sohada kutilayotgan ayrim o‘zgarishlar haqidagi savollarga javob berdi.

– Abdulla aka, siz vazirlik tuzilmasida bevosita qayta tiklanuvchi energiya manbalariga javobgar shaxssiz. O‘zbekistonda energetika tariflari erkinlashtirish yo‘lidagi amaliy ishlar boshlandi. Narxlar oshirilishi odamlarda quyosh panellarini o‘rnatishga rag‘batni kuchaytiradimi?

– Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishga rag‘batlar boshlangan. 2023 yil fevral oyida 57-sonli prezident farmoni chiqqanidan keyin aholining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatishga qiziqishi ortdi. Aholidan davlat elektr energiyasini sotib olish narxi 1000 so‘mga chiqarildi. Oldin bu miqdor 2-guruh tarifining (yuridik shaxslardan sotib olinadigan elektr energiyasi narxi) 80 foizi miqdorida edi.

Ya’ni 2-guruh tarifi 450 so‘m bo‘lsa, aholi o‘zi ishlab chiqargan elektr energiyasini davlatga 360 so‘mga sotardi. 57-sonli qaror bilan bu miqdor 360 so‘mdan 1000 so‘mga olib chiqildi. Elektron platformamiz ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar aholi tomonidan 61 megavatt quvvatli panellar o‘rnatilgan, ularning bir qismi asosiy tarmoqqa ulanib, elektr energiyasini yetkazib beryapti. Davlat ulardan qariyb 700 mln so‘mlik elektr energiyasini sotib oldi.

Masalaning ikkinchi tomoni: tadbirkorlik sub’yektlariga rag‘bat masalasiga to‘xtalsak. Ijtimoiy tarmoqlarda hokimliklar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanyapti degan xabarlarni ko‘p o‘qidik. Bularni joylarga chiqib o‘zimiz o‘rgandik, ha, ayrim joylarda rostdan shunday holatlar bor, ammo tasdig‘ini topmagan hududlar ham bor. Ular nima uchun majburlanayotgandi? Chunki 57-sonli qarorda [hokimliklarga] topshiriq bor, shu narsani bajarasan, degan.

Tadbirkor elektr energiyasini 450 so‘mdan tarmoqdan sotib olyapti. Agar u quyosh panellarini o‘rnatsa, bu panel o‘zini 15 yilda oqlaydi. Hozir energetika tariflari oshirilishi bilan bu muddat 7 yilga tushyapti. Agar tariflar yana oshsa, panellar yanada tezroq o‘zini oqlaydi.

Aniqroq tushuntiraman: deylik, tadbirkor 100 kW quyosh elektr stansiyasini o‘rnatsa, uni o‘rnatish narxi taxminan 1 mlrd 200 mln so‘m bo‘ladi. Bunda 1 kilovatt quvvatli quyosh paneli o‘rtacha bozor narxida – 12 mln so‘mdan hisoblangan. Hozir bundan arzonroq bo‘lishi mumkin, chunki panellar narxlari Xitoyda pasaygan. O‘shanda 1 kWh elektr energiyasini tadbirkor davlatga sotmoqchi bo‘lsa, 2-guruh tarifining 80 foizi miqdorida, ya’ni 360 so‘mdan sotardi, bunda panel o‘zini 15 yil-u 3 oyda oqlashi mumkin edi. Hozir 2-tarif guruhi iste’molchilari uchun 1 kWh elektr energiyasi narxi 900 so‘m etib belgilanganini inobatga olib, xuddi shu hisob-kitobni amalga oshirsak, bu 15 yilimiz 7 yil-u 7 oyga qisqaradi. Ya’ni quyosh paneli o‘zini oqlash muddati 2 barobarga qisqaryapti. Panel o‘zini oqlagandan keyin tekinga elektr energiyasini ishlab chiqaradi yoki ungacha ishlab chiqargan tokini hududiy elektr tarmoqlariga sotadigan bo‘lsa, yiliga 157 mln so‘m foyda qiladi.