Hindiston parlamenti 20 centyabr kuni mamlakat parlamentining quyi palatasidagi deputatlik o‘rinlarining 33 foizini ayollar uchun ajratilishi borasidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Quyi palataning 454 deputati qonun loyihasini yoqlab ovoz berdi. Faqat ikki nafar deputat qarshi ovoz bergan.

Qonun kuchga kirishi uchun uni parlamentning yuqori palatasi hamda shtat parlamentlari tasdiqlashi lozim. Bundan tashqari maxsus komissiya quyi palatadagi umumiy mandatlar soni va ayol deputatlar vakil bo‘ladigan okruglar chegarasini belgilab olishi kerak bo‘ladi.

Bu o‘z o‘rnida 2026 yildan so‘ng — Hindistonda aholini ro‘yxatga olish natijalari ma’lum bo‘lgach ro‘y beradi. Aholini ro‘yxatga olish aslida 2021 yilga rejalashtirilgandi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab noma’lum muddatga qoldirilgan edi.

So‘nggi milliy saylovlardan keyin Hindistondagi 778 nafar deputatlik o‘rinlaridan faqat 104 tasini ayollar band qilgan. Ayol deputatlar soni 33 foizga yetishi mumkin bo‘lgan eng yaqin saylov esa faqatgina 2029 yildagina sodir bo‘lishi mumkin.

Qayd etish joiz, ushbu qonunni 1996 yildan beri amalga kiritishga olti marta urinish bo‘lgan. Biroq har safar deputatlar tomonidan qarshiliklar bo‘lgan.

Hindistonda ayollar huquqi

BMTning gender tengligi bo‘yicha tashkilotiga ko‘ra, Hindiston qonunchiligining 80 foizdan ortig‘i tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlarga javob beradi. Biroq shu bilan birga mamlakatda gender tengsizlik saqlanib qolmoqda.

Hindistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik oshib bormoqda. Jinoyatchilikni qayd etish milliy byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida shunday jinoyatlardan 430 mingtasi aniqlangan. Bu esa 2020 yildagi raqamlardan 13 foizga ko‘p. Bu jinoyatlardan 30 mingdan ortig‘i zo‘rlash bilan bog‘liq, o‘z o‘rnida bu raqam 2020 yildagidan 20 foizga ko‘proq.

Xotin-qizlarga zo‘ravonlik jinoyatlaridan tashqari tanlab abort qilish, ayollar infantitsidi kabi amaliyotlar ham keng tarqalgan. Ya’ni agar bolaning jinsi homiladorlik vaqtida aniqlansa, qiz bo‘lgan taqdirda homiladorlik to‘xtatilib, abort qilingan. Yoki tug‘ilgan vaqtida o‘ldirib yuborilgan. Bu jinoyatlar sabab 1970–2020 yillarda Hindistonda 45,8 mln qiz-ayol vafot etgan yoki tug‘ilmagan deya hisoblaydi BMT.

Bundan tashqari Hindiston mehnat bozorida ham gender tengsizlikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. 2022 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Hindistondagi barcha mehnat daromadlarining atigi 18 foizi ayollarga tegishli.