20 iyul kuni Nyu Delida hukumatga qarshi so‘nggi yillardagi eng yirik norozilik namoyishlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Asosan yoshlardan iborat bo‘lgan o‘n minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqishgan va ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxananing iste’fosini talab qilishgan.
Hindistondagi yoshlar mamlakatdagi ta’lim tizimidan va ish topish imkoniyati yo‘qligidan norozi. Keng ko‘lamli noroziliklarning rasmiy sababi – hukumatning talabalar kuchli raqobat sharoitida o‘qishga kiradigan tibbiyot kollejlariga kirish imtihonlari natijalarini bekor qilish va test sinovlarini qayta o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori bo‘ldi.
Gap NEET (National Eligibility Sum Entrance Test, milliy malakaviy kirish testi) milliy imtihoni haqida bormoqda. Bu tibbiyot kollejlariga asosiy yagona kirish imtihoni va butun mamlakat bo‘ylab topshiriladi. Imtihon nihoyatda murakkab bo‘lib, uni topshirish uchun butun Hindistondagi yoshlar oylab, hatto yillab tayyorgarlik ko‘radi. Mahalliy aholi vakillarining ko‘pchiligi uchun tibbiyot kollejiga kirish yaxshiroq hayotga yo‘llanma bo‘lishi mumkin: ta’lim olish kelajakda nufuzli ish topishga yordam beradi. Shuning uchun ko‘plab oilalar farzandlariga repetitorlar haqini to‘lash uchun yerlarini sotib, qarzga botib qolishadi.
3 may kuni ikki milliondan ortiq abituriyent imtihon topshirgandi. Bir necha kun o‘tib imtihondagi masalalar tarqalib ketgani ma’lum bo‘ldi, hukumat esa natijalarni bekor qilib, imtihonni qaytadan o‘tkazadigan bo‘ldi. Qayta imtihon topshirish abituriyentlar uchun og‘ir sinovga aylandi. Ular bu safar qat’iy xavfsizlik choralari ko‘rilgan sharoitda testga kirishdi. Yakunda 20 dan ortiq abituriyent chuqur tushkunlikka tushib, o‘z joniga qasd qildi.
Shu fonda, hazil tariqasida paydo bo‘lgan, ammo tezda mamlakatdagi eng mashhur harakatga aylangan «Suvaraklar partiyasi» o‘z tarafdorlarini Hindiston parlamentiga norozilik marshi bilan borishga chaqirdi. Aksiya parlamentning yozgi sessiyasi ochilishiga to‘g‘ri keldi. Namoyish uchun hukumatdan ruxsat olinmagandi, natijada huquq-tartibot organlari xodimlari namoyishchilarga keskin munosabatda bo‘lib, ularni kaltak va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan holda tarqatib yuborishdi.


Anushree Fadnavis / Reuters / Scanpix / LETA

















