Toshkentda ilk «garmoshka»li elektrobus qatnay boshlaydi
Poytaxt jamoat transporti uchun bir dona Xitoyda ishlab chiqarilgan “garmoshka” elektrobus olib kelindi. Yaqin kunlarda uning ham yo‘nalishlarga chiqishi kutilmoqda.
Transport sohasida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi doirasida Toshkentga 18 metrli King Long rusumidagi elektrobus olib kelindi. 25 sentabr kuni Xitoy kompaniyasi vakili «Toshshahartransxizmat» AJga ramziy kalitini topshirdi.
Shu vaqtgacha bosh shaharda elektrda yuradigan o‘ta katta sig‘imli avtobus, ya’ni elektr «garmoshka» bo‘lmagan. Yaqin kunlarda magistral yo‘nalishlarga chiqishi kutilayotgan bu avtobus dastlabkisi bo‘ldi.
«Tez kunlarda ushbu zamonaviy, qulay va ekologik toza elektrobus poytaxtimiz aholisiga xizmat ko‘rsata boshlaydi», – deyiladi AJ xabarida.
Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda 18 metrli elektrobus magistral yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar sinov muvaffaqiyatli o‘tib, transport vositasi talabga javob bersa, bu turdagi «garmoshka»larga yana buyurtma beriladi.
Shuningdek, Obidovning aytishicha, hozirda shahardagi muddati o‘tib borayotgan harakat tarkiblarini yo‘nalishlardan chiqarib, yangilariga almashtirish ishlari ketmoqda. Eski avtobuslarni auksionga qo‘yish reja qilingan.
Eslatib o‘tamiz, yaqingacha Toshkent super-uzunlikdagi avtobuslarni ko‘rmaganiga 10 yil bo‘lgandi. Bunday «garmoshka» avtobuslar poytaxt uchun oxirgi marta 1995 yilda xarid qilingan, eng so‘nggilari 2013 yilgacha harakatlangandi.
26 mart sanasidan boshlab ilk marta poytaxt ko‘chalarida o‘ta katta sig‘imli «garmoshka»lar harakatlanishni boshladi. O‘sha vaqtda 10 ta 18 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar magistral yo‘nalishlarda sinab ko‘rilgandi.
20 apreldan boshlab esa Xitoydan olib kelingan tabiiy gaz va elektrda harakatlanadigan 400 ta avtobus yo‘nalishlarga chiqarildi. Ularning 114 tasi 18 metrli «garmoshka»lar bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Xitoy kompaniyasiga jami mingta avtobus uchun buyurtma berilgandi. Bu bilan shahar avtobuslari soni eskilari tarkibdan chiqarilishi hisobiga 1 ming 800 taga yetishi aytilgan.
Mavzuga oid
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024
Toshkentning ikkita ko‘chasida harakat 19 kunga cheklanadi
17:26 / 21.11.2024
Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi
15:44 / 21.11.2024