Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil uchun davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat budjeti daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.
Avvalo, yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Masalan, joriy yilning birgina to‘rtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so‘m xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15-20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘mak berib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish muhimligi aytildi.

Qishloq xo‘jaligida «katta sakrash»ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi. Bu borada yer sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, g‘allada 100 sentnerga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mintaqada suv muammosi kun sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. So‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligiga budjetdan 22 trillion so‘m, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion so‘m subsidiya ajratilgan.
Shu bois kelgusi yillarda sug‘orish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish ishlariga ajratiladigan mablag‘ ko‘paytirib boriladi. Jumladan, kelgusi yilda markazlashgan investitsiya hisobidan 1,7 trillion so‘mlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan 300 million dollarlik suv infratuzilmasi loyihalari amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga kengroq to‘xtalib, sug‘orish kanallarini betonlash bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinishini ta’kidladi.
2024 yil uchun davlat budjeti loyihasida ijtimoiy sohaga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljalanmoqda. Bu joriy yilgiga nisbatan 15 foiz ko‘p.
















