"Talaba kundaligi"ning bugungi sonida mardikorchilikda tomdan qulagani evaziga qo‘shimcha 4 dona qovurilgan tuxum yegan, yotoqxonani tozalashga chiqmaslik uchun shkafga berkingan, o‘qishga faqat muhabbatini ko‘rish uchun boradigan va Buxoroga sayohat uchun darsdan qochgan talabalarning o‘qishdan haydalishiga bir baxya qolgani haqidagi hikoyalari bilan bo‘lishamiz.

1-hikoya: Mardikorchilikda tomdan qulagani evaziga 4 dona tuxum

Toshkentda o‘qidim, talabalik davrimda Chorsudagi "mardikor bozori"ga chiqardim, tirikchilik uchun. Odamlarning kunlik ishlarini qilib berib, o‘zimni o‘zim ta’minlashga yetgulik pul ishlab topardim.

Kunlardan bir kuni, borgan xonadonimizdagi ish uyning tom qismiga to‘g‘ri keldi. Ish ayni avjiga chiqqanda nimadir bo‘ldi-yu, tomdan yerga quladim. Baxtimga hech yerim lat yemadi.

Uy egasining insofi bor ekan, ish haqimdan tashqari o‘z hisobidan 4 dona tuxum qovurib bergandi o‘shanda.

2-hikoya: Yotoqxonani tozalashdan "himoyalovchi" shkaf

Universitet yotoqxonasida turganimizda, yotoqxona komendanti yakshanba kuni bizni majburlab olib tushib, o‘t o‘rish va boshqa bir qancha ishlarni qildirar edi. Biz yakshanba kuni eshikni qulflab olsak ham komendantda xonaning ikkinchi kaliti bo‘lar va o‘sha bilan ochib kirib, bizni olib chiqib ketar edi.

Xonada 4 kishi turar edik, men har doim shkafning ichiga yashirinib olar edim, 2 ta shkafga esa 2 ta odam sig‘ar edi xolos.

Bir kuni eshik taqilladi va men shkaf tomon yugurdim, birinchi shkafni ochsam sirdaryolik o‘rtog‘im o‘rnashib olibdi, keyin ikkinchi shkafga yugurdim, unda esa samarqandlik o‘rtog‘im...

Shunday qilib o‘sha kuni qorong‘i tushguncha, tushlik ham qilmay o‘t o‘rganman.

3-hikoya: Oshiq talaba

Yondaftarda qolib ketgan hislar...

Kursdoshni sevish yaxshi. O‘qishga qandaydir bir maqsad bilan borish kerak-ku!

Ertalab uyg‘onasan, xayolingda u. O‘qish tomon iching qizib oshiqasan. Ko‘ngling notinch, kechikishdan emas, u o‘qishga kelmay qolishidan. Amallab yetib olding. Ko‘rding. Hayajon. Taskin. Kecha tunda o‘ylab qo‘ygan, unga aytmoqchi bo‘lganing yana ichingda qolib ketadi. Odatdagiday ko‘rishasan. Hissiz, jonsiz tuyg‘ular. Uni sevishingni u bilmasa qiyin.

Dars boshlandi. Xayollaring bilan yolg‘iz qolasan. Orqaroq partadan har zamonda unga qarab qarab qo‘yasan. Qani bir ortga boqsa-chi. Boqadiyam, sen ko‘zingni olasan. Qanday sevgi bu? Jim turib sevish azobi...