Iqtisodiyot | 17:18 / 18.12.2023
33593
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev mashhur brendlarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalar imtiyoz va yengilliklarga ega bo‘ladi, bir qator xarajatlari kompensatsiya qilib beriladi, ular o‘zlariga zarur xomashyolarni bojsiz olib kirishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kungi yig‘ilishda mashhur brendlar ostida mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Misol sifatida keltirilishicha, kelgusi yil oktyabrda Chirchiqda qiymati 50 mln dollarlik, ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,5 mln dona bo‘lgan alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi. Bu – nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yo‘nalishidagi brendlar uchun tayyor xomashyo bazasi.

Shu munosabat bilan, o‘nlab nufuzli brendlar bilan ishlab, ularni O‘zbekistonga olib kelish choralarini ko‘rish topshirildi.

Ta’kidlanishicha, brendlarni jalb qilish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:

  • nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;
  • mashhur brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun, mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
  • mahsulotini kamida 30 foizini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;
  • yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlaganlik uchun to‘lovlar undirilmaydi.

Kimyo sanoatida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar uchun zarur bazaviy xomashyoning deyarli barchasi mamlakatimizda mavjudligi, ushbu imkoniyatlarni samarali ishga solish zarurligi qayd etildi. Umuman, kimyo sohasida 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgani ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatida mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish masalalariga to‘xtaldi. Kelgusi yilda tarmoqda 2 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish uchun imkoniyat ham, mahsulotlar uchun katta bozor ham borligi ta’kidlandi.

Masalan, Saudiya Arabistonining “Akva Pauer” kompaniyasi bilan 5 gigavattli quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha boshlangan loyihalar uchun kabel kerak bo‘ladi. Umuman, hozirda boshlangan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari loyihalari doirasida 500 million dollarlik kabelga ehtiyoj bor.

Shu munosabat bilan kelgusida Ohangaron sanoat zonasida 120 million dollarlik 5 ta loyihani ishga tushirib, 25 ming tonna misdan kabel va 1,5 mingta transformator ishlab chiqarish, Buxoro shahrida 120 million dollarlik texnoparkni ishga tushirib, 25 million dollarlik maishiy texnikalarni mahalliylashtirish rejalashtirilgani aytildi. 

Mavzuga oid