Oʻzbekiston baholovchilari jamiyati raisi Zebuniso Esonova va baholovchi ekspert Shuhrat Abduvahobov Kun.uz’ga bergan intervyusida ommaviy baholash natijalaridan jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyiladigan mulkka kompensatsiya belgilashda foydalanish yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirdi.

Ularning fikricha, ommaviy baholash orqali aniqlanadigan “bozorga yaqin qiymat” muayyan koʻchmas mulkning bozor qiymati oʻrnini bosa olmaydi. Soliq hisoblash uchun pastroq belgilangan qiymat kompensatsiyaga asos qilib olinsa, bu mulkdorning zarariga ishlashi mumkin.

“Bozor narxidan past boʻlsa, mulkdor manfaatiga zarar yetadi”

Shuhrat Abduvahobovning tushuntirishicha, ommaviy baholashda koʻchmas mulklar guruhlarga ajratilib, umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida qiymat aniqlanadi. Kompensatsiya esa aniq bir mulk uchun toʻlanadi. Shu sababli uning individual xususiyatlarini oʻrganish zarur.

“Ommaviy baholashda koʻchmas mulklar bir tip boʻyicha guruhlashtirilib, olingan maʼlumotlar bitta etalon narxga keltiriladi. Keyin shu narx koʻchmas mulkning maydoniga koʻpaytirilib, qiymat aniqlanadi.

Kompensatsiya miqdorini aniqlashda buni qoʻllash mumkin emasligining sababi - individual yondashuv yoʻq. Kompensatsiya qilinayotgan obyektning haqiqiy qiymati oʻrtacha qiymatdan past ham, yuqori ham boʻlishi mumkin. Yuqori boʻlsa, mulkdor manfaatlariga zarar yetadi. Past boʻlsa, davlat manfaatlariga ham zarar yetishi mumkin”, - dedi u.

Ekspert intervyuda ommaviy baholash natijalari bozor qiymatidan past shakllangan holatga alohida toʻxtaldi. Uning aytishicha, bunday qiymatdan kompensatsiya hisoblashda foydalanish mulkdorga uyining bozor narxini olish imkonini bermaydi.

“Agar markaz xodimlari “bozor qiymatidan ancha past baholaganmiz” deb aytishayotgan boʻlsa, kompensatsiya miqdori aniqlanayotganda bu oʻz-oʻzidan bozor narxini bermaydi, undan kam narxni beradi. Bu mulkdorning manfaatiga zarar yetkazadi.

Ayrim fuqarolar, xususan, yakka tartibdagi turar joy, hovli egalari baholash natijasi real bozor qiymatidan ancha pastligini aytishyapti. Ertaga davlat, jamoat ehtiyojlari uchun yer maydoni olib qoʻyiladigan boʻlsa, ommaviy baholash natijalarini kompensatsiya uchun qoʻllash mulkdorlarning manfaatiga zarar yetkazadi”, - dedi Abduvahobov.