P.S: Siz ham talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, hikoyalaringizni @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

1-hikoya. Ijara uydan qochishga majbur bo‘lgan qizlar

Toshkentda o‘qiganmiz. Qaysi oliygoh ekani sir bo‘la qolsin. Yotoqxonada joy topilavermagach, majbur ijara uy izlaganmiz. Biz 4 dugona bir amallab hovli uyga joylashdik. Uy egasi bo‘lgan bir ayol ham biz bilan birga turadigan bo‘ldi. Bir kuni xonadoshlarimdan biri biz bilan turgan ayolning telefondagi suhbatini eshitib qolibdi. Ayol kimgadir, bugun qizlar uyda, kelaveringlar, degan ekan. Dugonamning gaplarini eshitib, qo‘rqib ketdik. Bu vaziyatda nima qilishni ham bilmay qoldik. Qizlardan biri universitetdagi tyutoriga telefon qilib, vaziyatni tushuntirdi. Shundan keyin eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Kimdir keldi, keyin haligi ayol biz turadigan xonaning eshigini taqillatdi, ochmadik. Ayol boshqa xonaga o‘tishi bilan hammamiz ko‘chaga chiqib qochdik. Birozdan keyin tyutor, dekan o‘rinbosari va militsiyalar kelishdi. Bizni ko‘ch-ko‘ronlarimiz bilan ijara uydan olib ketib, yotoqxonaga joylashtirishdi.

2-hikoya. “Sen ishga kirgan kuning universitetdan ketaman”

2009 yil. Talabalar o‘qish boshlanishi bilan paxta dalasiga olib chiqiladigan paytlar. Biz ham guruhimiz bilan paxta terimiga chiqarilgandik. Sharoitga amallab chidardik, lekin yarim kechagacha cho‘ziladigan majlislarga ko‘nishning iloji yo‘q edi. Talabalarni yotoqdan chiqarib olib, shtabga chaqirishardi. Domlamiz odatiy savollarini takrorlaydi: necha kilo terding, nega kam terding, qancha terish kerakligini bilasanmi, ertaga qancha terasan?

Domla hammaga shu savolni berib chiqdi, keyin navbat menga kelganda, savollarni kutmasdan gapirib ketdim.“Men 1-kursman, ismim S. Bugun 65 kilogramm terdim, qo‘lim og‘rib qolgani uchun ko‘p terolmadim. Ertaga ham 70 kilogramm terolmasam kerak, lekin 68 kilogramm teraman, ya’ni bugungidan, albatta, ko‘p teraman”, – dedim. Shunda domla menga qarab turib, nechanchi kursligimni so‘radi. Birinchi kursligimni aytdim.

“Qoyil, she’rday yodlab olibsan. Menga gapirishga hojat qolmadi. O‘qishni qanday davom ettirasan bilmadimu, agar dunyo aylanib, men dars beradigan joyga o‘qituvchi bo‘lib kelsang, o‘sha kuni ishdan ketaman”, – dedi.