Jamiyatni birlashtirish – davlatning eng birinchi vazifasi. Jamiyat qachon davlatga birlashadi – qachonki umumiy o‘zlik, umumiy maqsadga ega bo‘lsa. Odamlar qachon davlatga ishonadi, qachonki erkin va hur insonlar o‘z muammolarini bildira olsa va davlat ularni eshitayotganini, muammolariga yechim izlayotganini his qilsa...

Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jamiyatni eng kuchli integratsiya qiluvchi vosita – bu televideniye, qolaversa, boshqa ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Ayniqsa, 20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab, bugunga qadar, televideniyening o‘rni juda qudratli.

Keyingi ikki-uch o‘n yillikda internet paydo bo‘lib, televideniyening monopoliyasi pasaydi. Lekin, haliga qadar televideniyening qudrati katta. Bugunga kelib, televideniye internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan birlashib ketib, zamonaviy axborot markazlari paydo bo‘ldi.

Fevral oyi boshida O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasining 2005 yildan beri boshqaruvda bo‘lib kelayotgan rahbari o‘zgardi. Salkam yigirma yil. Bir asrning beshdan biri.

Xo‘sh, bu davrda O‘zbekiston televideniyesi qanchalik jamiyatni integratsiya qila oldi? Qanchalik milliy mustaqilligimiz va geosiyosiy erkinligimizni ta’minlay oldi? Bugungi O‘zbekistonning axborot suvereniteti qay darajada? Biz, O‘zbekiston xalqi va davlati, o‘z axborot siyosatimiz bilan tashqi axborotlarning sub’yekti bo‘ldikmi, yoki obekti bo‘lib qolyapmizmi? Ya’ni biz boshqalarga ko‘proq ta’sir qilyapmizmi, yoki aksincha, boshqalar bizga ko‘proq ta’sir qilyaptimi?

O‘zbekiston – mintaqadagi eng yirik davlat, turkiy dunyoning ikkinchi yirik davlati, post-sovet hududining ham de-fakto ikkinchi yirik davlati. Lekin, O‘zbekiston o‘zining maqomiga yarasha axborot qudratiga ega emasligi hammaga ma’lum. Ayniqsa, O‘zbekiston televideniyesi OAV ichidagi eng mo‘rt nuqta hisoblanadi.

Qiyosiy tahlil qilganda, “nima uchun O‘zbekiston televideniyesi, misol uchun, qo‘shni Qozog‘istondagi kabi jonli, jo‘shqin, jamoatchilik fikri diqqat markazida tura oladigan ta’sir doirasiga ega emas?” degan savol juda o‘rinlidir.

Yana bir muhim savol shuki, nima uchun O‘zbekiston davlati va jamiyati, televideniyemizni boshqacha bo‘lishini tasavvur qilmaydi?

Garchi qo‘shni Qozog‘iston ham biz kabi avtoritar boshqaruvni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, bu davlatning axborot siyosati har doim bizdagidan ko‘ra yumshoqroq bo‘lgan. Qozog‘iston o‘zining axborot suverenitetini kuchliroq anglagan. Chunki Qozog‘iston jamiyatida rus tilini bilish darajasi yuqori bo‘lgani, Rossiyaning axborot bosimi xavfli ekanini anglash darajasi mintaqamizning boshqa davlatlaridan ko‘ra kuchliroq bo‘lgan.