RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Sochida yoshlar bilan uchrashuvda so‘zga chiqib, avval rus tarixchilari va shovinist qatlam tomonidan possovet hududiga nisbatan aytib kelingan da’volarni yuqori darajada rasmiylashtirgandek bo‘ldi. Kun.uz uning bayonotlari nimani anglatishi haqida siyosiy tahlilchilar Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

Bugun Medvedevning Rossiyadagi siyosiy vazni qanday? U Moskvaning qarashlarini qanchalik ifodalay oladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Jamoatchilik va dunyo ekspertlari fikriga quloq solsak, Medvedevga berilayotgan baho ancha pastdek ko‘rinadi. Ya’ni go‘yoki u siyosiy o‘yindan chiqarilgan, hokimiyatga, ichki va tashqi vektorga ta’sir qilish salohiyati ansa past, degan qarashlar bor. Lekin menimcha, bu qarashlar ancha noto‘g‘ri. Medvedev prezidentlikdan ketgani bilan unga berilayotgan savollar, jurnalistlar bilan uchrashuvlari kamaygani yo‘q. Uning chiqishlari doim Rossiya jamoatchiligi fikri va siyosiy elitaga ta’sir qilgan. Rossiya hokimiyati kollektiv yig‘ilishlarida doim Putinga yaqin o‘tiradi, muttasil ravishda Putin bilan uchrashib ham turadi.

Boshqa tomondan qarasak, Putin hokimiyatga kelgandan buyon yuqori lavozimlarga chiqib, keyin hokimiyat tarkibidan chiqarilgan shaxslar bor, lekin Medvedev bilan bunday bo‘lgani yo‘q. U doim dirinchi qatorlarda o‘tiradi, doim intervyular, bayonotlar beradi. Agar Medvedev hokimiyatdan uzoqlashtirilganda, uning chiqishlari ham kamaygan bo‘lar edi.

Xulosa qilish mumkinki, Medvedev Rossiyadagi 10 ta yoki 5 ta qudratli siyosiy shaxslardan biri. Medvedev aytayotgan gaplar Kremldagi umumiy ob-havoni, siyosiy, geosiyosiy kayfiyatni Putinga nisbatan ancha ochiqroq va agressivroq ifodalab beryapti.

Oybek Sirojov: — Bayonot ichki auditoriyada aytilgan bo‘lsa-da, asosan tashqi auditoriyaga qaratilgan edi. Yevropaga, AQShga, Ukraina va possovet hududlariga qaratilgan yondashuvlar bor. Bayonotda Rossiya chegarasi qayerda tugaydi, degan masalani geografik va strategik nuqtayi nazardan asoslashga harakat qilingan. Strategik nuqtayi nazardan Rossiya chegarasi hech qayerda tugamaydi, dedi. Bu – juda katta chaqiruv. Geografik nuqtayi nazardan esa, Putin aytgan hududlardan ham ko‘proq hududni nazarda tutdi.

Chiqish boshida Fransiya masalasini ko‘tarib, 210 yil oldin rus askarlari Parijgacha borib Yevropada tartib o‘rnatgan, kerak bo‘lsa bu ish yana takrorlanadi, degan fikrni aytdi. Bu gaplar Makronning fransuz harbiylarini Ukrainaga kiritish haqidagi bayonotiga javob sifatida gapirildi. AQSh, Germaniyaga nisbatan ham o‘z yondashuvlarini ilgari surdi. Katta Rossiya, kichik Rossiya degan tushunchalarni tilga olib, possovet hududlarini qaytarish haqida ham gapirdi.