Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev yaqin safdoshi Yerlan Karinni mamlakat vitse-prezidenti etib tayinladi. Bu lavozim Qozogʻistonning 2026-yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiyasi asosida joriy etilgan.
31-avgust kuni Astanada yangi saylangan Qurultoyning yalpi majlisida Toʻqayev Yerlan Karin nomzodini vitse-prezidentlikka ilgari surdi. Parlamentning 145 nafar aʼzosidan 141 nafari uning nomzodini qoʻllab-quvvatladi. Shundan keyin prezident tegishli farmonni imzoladi.
50 yoshli Yerlan Karin 2019-yildan buyon Toʻqayevning yordamchisi, davlat kotibi va davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. 2026-yil 30-iyunda Qozogʻiston prezidenti administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan edi.
15-mart kungi referendum asosida Konstitutsiyaga kiritilgan va 1-iyuldan kuchga kirgan oʻzgarishlarga koʻra, Qozogʻistonda Senat tugatilib, bir palatali parlament tashkil etildi, shuningdek, vitse-prezident lavozimi qayta joriy etildi.
Vitse-prezident Qurultoy bilan kelishgan holda prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. Vitse-prezident parlament, hukumat va boshqa davlat organlari bilan munosabatlarda davlat rahbarini tamsil qilish vakolatiga ega. Prezident muddatidan oldin lavozimidan ozod etilgan taqdirda, uning vakolatlari vitse-prezidentga oʻtadi.
Maʼlumot uchun, Qozogʻistonda 1990-1995 yillarda ham vitse-prezident lavozimi boʻlgan.







