Slovakiya va Ukraina hukumatlari ikki tomonlama hamkorlikni çuqurlaştirişga kelişib oldi. 11 aprel, payşanba kuni Ukraina bilan çegara yaqinidagi Mixalovse şahrida bölib ötgan hukumatlararo muzokaralarda energetika sohasida yaqinroq hamkorlik va transport tarmoğini kengaytiriş böyiça bir qarorga kelindi. Bundan taşqari, bir yil içida tomonlar qurol-yaroğ sohasida hamkorlikni yangi asosda yölga qöyiş niyatida, dedi jurnalistlarga Ukraina hukumati rahbari Denis Şmixal.
Slovakiya boş vaziri Robert Fitso ukrainalik hamkasbiga Bratislava Kiyevning Yevropa Ittifoqiga tezda qöşiliş sa’y-harakatlarini qöllab-quvvatlaşiga va’da berdi. Uning sözlariga köra, Slovakiyaning Ukrainani qöllab-quvvatlaşi «spekulyativ emas», gap «töliq qöllab-quvvatlaş» haqida ketyapti. Şmixalning sözlariga köra, Yevropa integratsiyasiga intilişlar va prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «tinçlik formulasi» qöllab-quvvatlanişi Kiyev uçun «öta muhim».
Muzokaralar mavzulari - energetika, siyosiy yordam, savdo va Ukrainani tiklaş
Öz navbatida, Şmixal Mixalovsedagi ikki tomonlama hukumatlararo maslahatlaşuvlarni «özaro manfaatli hamkorlikka erişilganlik belgisi» deb atadi. U Telegram’da ta’kidlaganidek, muzokaralarning asosiy mavzulari energetika, Slovakiyaning Kiyevni siyosiy qöllab-quvvatlaşi, savdo hamda Ukrainani tiklaş, logistika va minalardan tozalaş bölgan.
«Slovakiya Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti tarafdori, Rossiya tajovuzkorligini qoralaydi va bizning Yevropa integratsiyaga intilişlarimiz bilan birdam», dedi Şmixal va qöşni davlatga körsatgan yordami uçun minnatdorçilik bildirdi.
Slovakiya va qöşni Ukraina örtasidagi munosabatlar 2023 yil kuzida bölib ötgan parlament saylovlarida Robert Fitso va uning populistik «Kurs – Slovakiya sotsial-demokratiyasi» (SMER-SD) partiyasi ğalaba qozonganidan söng sezilarli darajada sovuqlaşdi. Saylovlarda erişilgan natija rossiyaparast siyosatçiga yana hukumatni boşqariş imkonini berdi. Saylov kampaniyasi çoğida u Ukrainaga qurol yetkazib berişni töxtatiş niyatida ekanini ma’lum qilgan. Mart oyida Slovakiya va Vengriya Ukrainaga snaryadlar yetkazib berişdan boş tortgan edi.













