— Ittifoqchilik shartnomasi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ma’no beradi?
— O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida aloqalar so‘nggi yillarda dinamik xarakterda bo‘lib, ular tobora bir-biriga yaqinlashib bormoqda. O‘zbekiston uchun Tojikiston muhim bir strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mamlakat, xuddi shunday Tojikiston uchun ham O‘zbekiston ulkan ahamiyatga ega mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda. Biz buni qator tashriflardan va tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar, biznes forumlari, rektorlar forumlari va madaniy aloqalardan xam bilishimiz mumkin.
Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kamdan kam davlatlar o‘rtasida imzolanadi. Bu xalqaro munosabatlardagi, ya’ni tomonlar o‘rtasidagi eng yuqori bosqichlardan biri va albatta, tarixiy bir davrini boshlab berdi. Aslini olganda mamlakatlarimiz xalqlari buni asrlar mobaynida kutgan va asrlar mobaynida bu xalqlar umumiy tarixga va qadriyatlarga, rishtalarga ega mamlakatlar sifatida qaraladi. Bugungi xalqaro vaziyat shuni taqozo etmoqdaki, mamlakatlar, ayniqsa, kichik va o‘rta hajmga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston kabi mamlakatlar o‘zaro siyosiy sa’y-harakatlarni birlashtirishni taqozo etmoqda. Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnoma, birinchi navbatda, bu siyosiy shartnomadir. Ya’ni siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zaro qiyin davrlarda bir-birini qo‘llashga majbur bo‘lgan bir holatni o‘zida aks ettiradi.
Ko‘ryapmizki, kichik mamlakatlarga har tomonlama, iqtisodiy, geosiyosiy bosimlar oshib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Global siyosiy vaziyat va mamlakatlarning ichki ehtiyojlari shuni talab qilyapti. Necha yillar mobaynida bu mamlakatlar va yashayotgan xalqlar buni orzu qilgan. Ularning turmush tarzi, madaniyati, mentaliteti, qadriyatlari, orzu intilishlari — hammasi judayam uyg‘un bir biriga. Mamlakat liderlari buni tushunib yetdi va ular tarixiy vazifani ado etishmoqda.
— Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlarining iqtisodiy bog‘liqligi qay darajada va qaysi sohalarni qamrab oladi?
— O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalarda 2016 yildan keyingi davrni biz ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, juda katta sakrash bo‘ldi. Avvalo chegara muammolari hal qilindi mamlakatlar o‘rtasida va xavfsizlik bilan bog‘liq yoki savdoga to‘siq bo‘layotgan ayrim muammolar deyarli yechildi. O‘zbekistonning Tojikiston munosabatlari Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosatining bir ajralmas qismi hisoblanadi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligi ham muhim hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Prezident Imomali Rahmon, prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro minbarlarda, BMT sessiyalarida va boshqa xalqaro tuzilmalarda ham mintaqa manfaatlarini ilgari surishyapti. O‘ylaymanki, uzoq yillar mobaynida hal qilinmagan qator vazifalar bugun amalga oshmoqda. Buni jamoatchilik ham, biznes vakillari ham tushunib yetmoqda. Prezidentlar bu vazifani to‘liq anglagan holda, istiqbolli bir qator maqsadlarni ilgari surishda. Tomonlar o‘rtasidagi va umuman Markaziy Osiyodagi barqarorlik, barqaror taraqqiyot, savdo-sanoat, transport, logistika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi deb o‘ylaymiz.







