Talabalar uchun «Dolzarb qirq kunlik» eʼlon qilindi. Mahkumga mahsulotlarni onlayn sotib olish imkoni berilishi mumkin. Andijonda 4 egizak tugʻildi. FHDO xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyati joriy etildi. Namanganda gazga ulash uchun pul olgan shaxslarga ish ochildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Talabalar uchun «Dolzarb qirq kunlik» eʼlon qilindi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan 20-avgustdan 30-sentabrgacha boʻlgan davr oliy taʼlim tashkilotlarida «Dolzarb qirq kunlik» deb belgilandi.
Uning doirasida talabalarni yangi oʻquv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan taʼminlash hamda bu jarayonda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni tezkor bartaraf etish choralari koʻriladi.
Birinchi bosqich talabalarini yangi muhitga moslashtirish boʻyicha ham alohida tadbirlar belgilangan. Xususan, ularni tantanali kutib olish, «Kredit taʼlimi tizimiga kirish» haftaligi hamda «Talabalikka bagʻishlov» tadbirlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Sentabr oyi davomida oliy taʼlim tashkilotlarida «Yagona vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yarataylik!» shiori ostida «Mustaqillik darslari» ham oʻtkaziladi.
Mahkumga mahsulotlarni onlayn sotib olish imkoni berilishi mumkin
Ichki ishlar vazirligining ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalari ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish kiritish loyihasi tayyorlandi.
Loyihaga koʻra, mahkum va uning yaqinlari ruxsat etilgan mahsulotlarni jazoni ijro etish muassasasi ichidagi infokiosk yoki muassasadan tashqaridagi elektron platforma - sayt va mobil ilova orqali onlayn xarid qilishi mumkin boʻladi. Anʼanaviy posilka va yoʻqlov shakli ham saqlab qolinadi.
Belgilangan miqdordan ortiq, ammo taqiqlanmagan narsa va buyumlar muassasa omborxonasida saqlanadi. Zarur hollarda ular mahkumning arizasi asosida beriladi. Mahsulotlarning ruxsat etilgan turi hamda qadoqlash talablariga rioya etilishi jazoni ijro etish muassasasi tomonidan nazorat qilinadi.








