27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bu platforma 6 yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, qo‘shma Hududlararo hamkorlik forumi shaklida faoliyat yuritgan.
Hududlararo hamkorlikning jadal sur’ati, o‘zaro investitsiyalarning yuqori dinamikasi, qo‘shma loyihalar soni, shuningdek, hamkorlik sohalarini kengaytirish uchun katta salohiyatni hisobga olib, forum maqomini oshirish va uni prezidentlar raisligidagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashiga aylantirishga qaror qilindi.

Kengash majlisini ochar ekan, Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin va Rossiya delegatsiyasi vakillarini, jumladan, 30 ga yaqin hudud rahbarlari va 300 nafar yetakchi sanoat korxonalari va biznes vakillarini samimiy qutladi.
– Bunday hamkorlik yuqori samaradorlik bilan ajralib turadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi, – deb ta’kidladi Prezidentimiz.
Bugungi oliy darajadagi muzokaralar samarali natijalar bilan yakunlangani, ikki davlat va xalqlar manfaatlari yo‘lida keng qamrovli sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni ko‘rsatgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan beri barcha darajadagi, jumladan, ikki davlat hududlari o‘rtasidagi aloqalarning faollashgani alohida ta’kidlandi. Birgina o‘tgan haftada O‘zbekiston viloyatlari delegatsiyalari Rossiyadagi sherik hududlarga tashrif buyurdi.

Shu ma’noda, hududlararo muloqotni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash majlisi doirasida 5 milliard dollarlik yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangan.
Oliy darajadagi muzokaralar davomida tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish va kelasi yili 10 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilab olingani mamnuniyat bilan qayd etildi.

















