Shu kunlarda elektr ta’minoti korxonalarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar navbatda turishibdi. Ular elektr energiyasi uchun ikki barobar ko‘proq pul to‘layotgani, oldindan to‘lov uchun o‘tkazgan pullari yetmasdan, tarmoqdan uzilib qolganidan hayron, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Do‘kondorlar, sartaroshxonalar, yemakxonalar, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish maskanlari va hokazo tadbirkorlik sub’yektlari noturar binolar uchun o‘tgan yilning avgustidan boshlab oshgan tarifda – 1 kWh uchun 900 so‘mdan to‘lov qilib kelishmoqda. Bunda ular elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma qilishi, oylik taxminiy iste’moli qancha ekanini ko‘rsatib, 50 foiz oldindan to‘lov qilishlari kerak edi.
O‘zlari ko‘rsatgan oylik limitdan ortiq qismi uchun, ular 1 kWh uchun 960 so‘m to‘lab kelishgan.
1 iyundan boshlab esa oldindan to‘lov 100 foiz bo‘lgan, limitdan ortiqcha qismi uchun 2 barobar haq – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan undirilmoqda. Aksariyat tadbirkorlar bundan bexabar.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ma’lum qilishicha, bunday tartib shu yil 31 may kuni qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.
Qarorga asosan, hisob-kitob davrida yuridik iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi.
Hujjatda yozilishicha, iste’molchilar o‘zlari iste’mol qiladigan elektr energiyasining hajmlarini o‘zgartirish bo‘yicha HETKga taklif kiritish huquqiga ega. Bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini o‘zgartirish bo‘yicha taklif mo‘ljallanayotgan hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin berilishi kerak.
“Mazkur qoidalarning amaliyotga joriy etishdan asosiy maqsad – iste’molchilarni elektr energiyasidan tejab va oqilona foydalanishlarini tashkil etishdan iboratligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborotida.
“O‘sayotgan korxonalarga jazo”

Avvalroq Kun.uz'ga intervyu bergan iqtisodchi Behzod Hoshimov bu tartibni kengayib, rivojlangani uchun korxonalarga nisbatan jazo deb















