AQSh razvedkasi shu yilning boshida Rossiya maxsus xizmatlari Germaniyaning Ukraina uchun artilleriya snaryadlari va harbiy texnikalar ishlab chiqarayotgan eng yirik Rheinmetall qurol-yarog‘ konserni rahbari Armin Pappergerni o‘ldirish rejasini ishlab chiqayotganini aniqlagan, deb yozadi CNN amerikalik va yevropalik beshta manbaga asoslanib.

Olingan ma’lumotni amerikaliklar nemis hamkasblariga uzatishgan va bir qator operativ tadbirlardan so‘ng ular suiqasdning oldini olishgan.
Pappergerni o‘ldirishdan tashqari Kreml Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgan g‘arbdagi boshqa mudofaa korxonalari rahbarlariga suiqad uyushtirishni rejalashtirgan, biroq Rheinmetall rahbarini yo‘q qilish rejasi boshqalariga nisbatan puxta o‘ylangan.
Rossiya so‘nggi olti oydan buyon yollangan mahalliy aholi vakillaridan foydalanib, qurol-yarog‘ omborlariga o‘t qo‘yish va Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni susaytirishga qaratilgan boshqa harakatlari bilan Yevropa hududida diversiya kampaniyalarini uyushtirib keladi. Biroq korxonalarning direktorlariga suiqasd tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi axborot g‘arbliklarga Kreml «soyadagi urush»da qanchalikka borishi mumkinligini ko‘rsatib berdi, deb yozadi CNN.
Rheinmetall konserni qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqaruvchi Germaniyadagi eng yirik korxona va Yevropadagi eng yiriklaridan biri. Kompaniya Germaniyaning ham, ittifoqchilarning ham qurolli kuchlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Rheinmetall Ukrainaga kritik muhim o‘q-dorilar va harbiy texnikalar yetkazib beradi va bu korxonani Yevropaning yetakchi mudofaa tashabbuslarining asosiy ishtirokchisiga aylantiradi va Moskvaning jiddiy xavotirini o‘yg‘otadi.
Yaqinda AQSh so‘nggi 10 yil ichida ilk marta Yevropadagi harbiy bazalarini yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirgani ma’lum bo‘ldi. Bunga Pentagon tomonidan Rossiya AQSh harbiy obektlarida teraktlar tashkil qilishni rejalashtirayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Amerika razvedkasidagilar AQSh harbiy bazasiga rejalashtirishgan hujumlar Moskvaning butun Yevropa bo‘ylab o‘tkazishni mo‘ljallayotgan diversiya kampaniyasining bir qismi ekanini ta’kidlashgan.













