
Isroil mudofaa armiyasi Hamas harbiy qanoti rahbari Muhammad Deyf isroilliklarning 13 iyul kuni G‘azo sektori janubiga yo‘llagan zarbasi oqibatida halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi. O‘shanda isroilliklar hujum nishoni Muhammad Deyf va uning yaqin safdoshi Rafa Salama ekanini, Seyf zarba oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan, ammo Deyfning o‘limi tasdiqlanmagandi.
Isroilliklar uni yo‘q qilish uchun bir necha yildan buyon harakat qilib kelardi. Hamas hozircha bu borada munosabat bildirmadi.
Deyf 2023 yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga uyushtirgan hujumi tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rilardi, o‘shanda asosan tinch aholi vakillari bo‘lgan 1200 nafar atrofidagi isroillik va xorijliklar o‘ldirilgan, yana 251 kishi garovga olinib, G‘azo ichkarisiga olib ketilgandi.
Bunga javoban Isroil sektorda yirik harbiy amaliyot boshladi, Hamas nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu amaliyot natijasida o‘tgan vaqt ichida 38 700 falastinlik halok bo‘lgan.
Muhammad Deyf o‘zi kim edi?

Deyf G‘azo sektorida deyarli afsonaviy maqomda edi - u qamoqxonadan qochib ketgan va kamida yetti suiqasddan omon qolgan.
Deyf haqidagi ma’lumotlar faqat Isroil va Falastin nashrlaridagi xabarlardan olingan.
Ularda aytilishicha, Deyf 1965 yilda Xon-Yunus yaqinidagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan, o‘sha vaqtda bu hudud Misr tomonidan okkupatsiya qilingandi.
Deyfning haqiqiy ismi — Muhammad Diab al-Masri (shuningdek Abu Xolid yoki Al-Deyf). U 1996 yildan Hamasning harbiylashgan qanoti «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasini boshqargan.
Falastinliklar uni Hamasning «miyasi» deb atashgan, isroilliklar uchun esa u «O‘lim darakchisi» yoki «To‘qqiz jonli jangchi» sifatida ma’lum edi.
Deyf G‘azodagi Islom universitetida o‘qib bakalavr diplomini olgan. Talabalik yillarida u aktyorlik mahoratiga (umuman olganda, teatrga) mehr qo‘ygan va hatto u yerda truppa tuzgan.
1987 yilda Hamas tashkil etilgani e’lon qilinganida, Deyf birinchilardan bo‘lib guruh safiga kirgan. 1989 yilda Isroil hukumati uni hibsga oladi, u bir yildan ortiq vaqtni panjara ortida o‘tkazadi.










