Hindiston bosh vaziri Kiyevda Ukraina va Rossiyani muzokaraga chaqirdi
Narendra Modi Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina va Rossiyani tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-Dehli Ukraina tomoniga «katta» gumanitar yordam beradi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Moskva boshlagan urushni tugatish uchun Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga rozi bo‘lishga chaqirdi. 23 avgust, juma kuni Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida Modi tinchlik o‘rnatishda yordam berish uchun o‘zini vositachi «do‘st» sifatida taklif qildi.
Jurnalistlar oldidagi nutqi chog‘ida Hindiston bosh vaziri Kiyevga tinchlik xabari bilan kelganini aytib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muloqotni boshlashga chaqirdi. «Muloqot va diplomatiya orqaligina kelishuvga erishish yo‘lini topish mumkin. Va biz vaqtni boy bermasdan bu yo‘nalishda harakat qilishimiz kerak», - deya Modi so‘zlarini keltiradi Reuters.
Mamlakati «tinchlik tarafdori» ekanini ta’kidlagan Narendra Modi Hindistonning Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush «birinchi kunidan beri betaraf bo‘lmaganini» ta’kidladi. Ayni paytda, rasmiy ravishda, Nyu-Dehli Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri betaraflikni saqlashga harakat qilmoqda, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Hindiston G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi va muntazam ravishda harbiy mojaroni muloqot yo‘li bilan hal etish tarafdori bo‘lib keladi, biroq o‘ziga xos takliflar ilgari surmaydi.
Hindiston bosh vaziri, shuningdek, Ukrainaga insonparvarlik yordami «ko‘p miqdorda» yetkazilishiga va’da berdi. «Gumanitar nuqtayi nazardan qanday yordam talab qilinmasin, Hindiston har doim siz bilan bo‘ladi va sizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi», — dedi Modi Zelenskiy bilan uchrashuvda.
Har ikki yetakchi tashrifni tarixiy deb atadi. «Bu tashrif barcha ukrainaliklar uchun juda do‘stona va muhim», dedi Volodimir Zelenskiy jurnalistlarga.
Kiyevdagi Ukraina tarixi milliy muzeyida Narendra Modi va Volodimir Zelenskiy Rossiya tajovuzi natijasida halok bo‘lgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ukraina va Hindiston rahbarlari «Bolalar» multimediyali martirologiga o‘yinchoqlar qo‘yishdi.
Narendra Modi bilan Kiyevda bo‘lgan Hindiston tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar Volodimir Zelenskiy Hindistonga javob tashrifiga taklif qilinganini aytdi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024