Tabiiy ofat Markaziy va Sharqiy Yevropaga yopirilgan «Boris» bo‘roni tufayli kelib chiqqan.
Polshaning janubi-g‘arbida joylashgan Nisa shahri meri mahalliy aholini yaqin atrofdagi ko‘ldagi to‘g‘on buzilishi ehtimoli va shaharga katta miqdorda suv kirib kelishi mumkinligi tufayli balandroq joylarga o‘tishga chaqirgan.
«Iltimos, o‘z narsalaringiz, o‘zingiz, yaqinlaringizni evakuatsiya qiling. Zudlik bilan binolarning yuqori qavatlariga ko‘tarilish kerak, chunki to‘lqin balandligi bir necha metrga yetishi mumkin. Bu butun shahar suv ostida qolishi mumkinligini anglatadi», — deya yozgan Kordian Kolbyars.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk suv toshqinidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun bir milliard zlotiy (260 mln dollar atrofida) ajratilishini ma’lum qilgan va Polsha Yevroittifoqdan yordam so‘rab murojaat qilganini qo‘shimcha qilgan. Tusk hukumati favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.
Butun mamlakat bo‘ylab minglab kishilar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Ko‘plab joylarda yo‘llar yuvilib ketgan va suv ostida qolgan, poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

Slovakiyada Dunay daryosidan toshib chiqqan suv Bratislavaning eski shahar qismini suv ostida qoldirgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, suv sathi 9 metr balandlikka ko‘tarilgan va bu davom etishi kutilmoqda.
Dunayning quyi oqimi o‘tuvchi Vengriyada ham yaqin kunlar ichida suv sathi ko‘tarilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dunay bo‘ylab 500 km masofadagi hududlarni suv bosishi xavfi yuzaga kelgan. Daryoda suv sathi har 24 soatda bir metrga ko‘tarilmoqda.
Budapesht meriyasi suv toshqinlaridan himoyalanish uchun qum to‘ldirilgan million qop tayyorlagan. Shahardagi ayrim tramvay liniyalari faoliyatini to‘xtatgan, daryo bo‘yidagi yo‘llar dushanba kuni kechqurun yopilgan. Shuningdek, Budapesht va Vena orasida poyezdlar harakati to‘xtatilgan.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Vengriyadagi ekstremal ob-havo va davom etayotgan suv toshqinlari tufayli» barcha xalqaro tashriflarini qoldirgani haqida ma’lum qilgan.

Eng kuchli yog‘ingarchilik Chexiyada kuzatilgan. Mamlakat shimoli-sharqidagi Yesenik shahrida payshanba kuni tongdan beri 473 mm yog‘ingarchilik tushgan, bu esa bir oylik normadan besh baravar ko‘p.










