Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi BRIKS sammitida yangi moliyaviy tizim qurish taklifi bilan chiqishi haqida xabarlar tarqalgandi. The Economist bunga e’tibor qaratib, bundan asosiy maqsad – jahon moliyasi tizimidagi AQSh hukmronligiga zarba berish va yaqin yillar ichida BRIKS Bridge nomli tizim yaratish rejasi ishlab chiqilayotgani haqida yozdi.
Kecha bo‘lib o‘tgan tashkilotning kengaytirilgan yig‘ilishida Rossiya prezidentiga BRIKSning ramziy kupyurasini ko‘rsatishdi. Putin banknotni kulib qarshilab, uni Rossiya Markaziy banki raisi Nabiullinaga uzatdi. Kreml matbuot xizmati ramziy kupyurani “kvazipul” deb atab, uni BRIKS’ga a’zo mamlakatlar olib borayotgan hamkorlik ramzi deb ta’rifladi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, “kvazipul”ni sammitning rossiyalik ishtirokchilaridan biri tayyorlagan bo‘lib, u Nabiullinaga yoqmagan.

Kupyurada BRIKS ramzlari, unga a’zo davlatlarning bayroqlari tasvirlangan. Nominali – 100 million. Ramziy pulni Rossiya Savdo-sanoat palatasi chiqargan bo‘lishi mumkin.
Putin Rossiyaning dollarga qarshi kurashish maqsadi yo‘qligini alohida ta’kidlab, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun boshqa muqobil valuta ustida ish olib borilayotganini aytdi.
BRIKS Bridge tizimi nima?
BRIKS Bridge tizimi – BRIKS davlatlari o‘rtasida xalqaro savdoni rivojlantirish va moliyaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan texnologik platforma.
Bu tizim savdo-sotiqni milliy valutalarda amalga oshirish, to‘lovlarni tezkor va xavfsiz tarzda amalga oshirish hamda xalqaro moliyaviy operatsiyalarda AQSh dollariga qaramlikni kamaytirish maqsadida ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
BRIKS to‘lov tizimi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni jalb qila oladigan arzonroq va tezroq tranzaksiyalarni ta’minlashi mumkin. Tranzaksiyalar milliy valutalarda amalga oshirilgani sababli tranzaksion xarajatlar kamayadi, bu esa savdo-sotiqni arzonroq va samaraliroq qilishi aytilmoqda.
G‘arb rasmiylari ham bu sxema sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlab chiqilishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu o‘z navbatida Qo‘shma Shtatlar pozitsiyasini zaiflashtiradi: Amerika xalqaro to‘lovlar uchun eng yirik markaz bo‘lgani tufayli sanksiyalar orqali boshqa davlatlarga ta’sir qilib keladi. Ya’ni BRIKS Bridge – SWIFT tizimiga alternativ bo‘lishi kerak.








