Isroil mudofaa vaziri “Hizbulloh” mag‘lub etilganini aytmoqda, lekin Livanda o‘t ochishlar hali ham davom etyapti. Mahmud Abbos esa urushni to‘xtatishga va’da bergan Tramp bilan suhbatlashdi. “Geosiyosat”da Yaqin Sharqdagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov, Shavkat Ikromov va Bektosh Berdiyev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Isroil mudofaa vaziri “Hizbulloh” yengilganini iddao qildi. Livandagi joriy vaziyat qanday, sulhdan umid bormi?

Bektosh Berdiyev: Isroil mudofaa vazirining so‘zlari deklarativ xarakterga ega. Chunki na Hamasni, na “Hizbulloh”ni oxirigacha mag‘lub qilish imkoni yo‘qligi borgan sari ko‘rinib boryapti. Israel Katsning balandparvoz bayonot berishi asosan ichki auditoriyaga yoqish uchun aytildi. Eron tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, 18 ming atrofidagi “Hizbulloh” jangchilari Isroil bilan kurashishga tayyor. Bundan tashqari, ularga doimiy qurol-yarog‘ yetkazib kelish muammo bo‘layotgani yo‘q, chunki G‘azodan farqli ravishda, Livan blokada qilinmagan. Qolaversa, Livanga Suriya, Iroq va Erondan turli yordam kuchlari kirish imkoni mavjud.

Shavkat Ikromov: Isroil taktik jihatdan “Hizbulloh”ni mag‘lub etgani to‘g‘ri, ya’ni urushayotgan armiyalar nuqtayi nazaridan oladigan bo‘lsak, Hamas allaqachon urush qobiliyatini yo‘qotgan, “Hizbulloh” ham juda katta zarbaga uchragan. Ham harbiy jihatdan, ham moliyaviy jihatdan, ham boshqa resurslar nuqtayi nazaridan. Shundan kelib chiqib, taktik jihatdan Isroil mudofaa vazirligi bayonotlarini to‘g‘ri deb e’tirof etish mumkin.

Lekin strategik nuqtayi nazardan olib qaraganimizda, yo‘q, hali “Hizbulloh” yengilmagan va guruhda urushish qobiliyati mavjud.

Ammo yana bir jihati borki, Yaqin Sharq mintaqasida barqarorlikni juda xohlashayotgan yetakchi arab davlatlari, xususan Saudiya Arabistoni va Misr kabi davlatlar “Hizbulloh”ning faoliyati mintaqa bo‘ylab kengayib borishidan va ularning kuchi Yaqin Sharq mintaqasida oshib borishidan manfaatdor emas. Masalan, Saudiya Arabistoni azaldan shialarga qarshi bo‘lib kelgan, so‘nggi paytlarda radikalizmga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xuddi shunday Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Misr ham shu yo‘nalishda harakat qilyapti. Bu “Hizbulloh” siyosiy jihatdan ham cheklanib borayotganini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan aytishimiz mumkinki, “Hizbulloh” avvalgidek qudratda emas. Isroil tomoni Livan ichki siyosatiga aralashishni istayotganimiz yo‘q deb doimiy bayonot bermoqda. Livanda ham “Hizbulloh”dan charchash holati bor.