Pandemiya inqirozidan chiqar-chiqmay harbiy urushlarga ro‘baro‘ bo‘lgan dunyoga, Donald Tramp yangi g‘alva – savdo urushlarini olib keldi.
Donald Tramp AQSh hokimiyatiga qaytganiga ikki hafta bo‘lar-bo‘lmas, Amerika tarixidagi eng katta savdo urushlarini boshlab yubordi.
AQSh iqtisodiyoti nominal, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri hajmda o‘lchaganda – dunyoning birinchi iqtisodiyoti. Lekin sotib olish qobiliyati pariteti bilan o‘lchaganda, bugun dunyoning birinchi iqtisodiyoti – Xitoy Xalq Respublikasi. Dunyo iqtisodiyotini 100 foiz deb olsak, AQShning ulushi 15 foizni, XXR ulushi esa 18 foizni tashkil qiladi.
Donald Tramp AQShning eng asosiy birinchi uchta savdo-iqtisodiy hamkoriga qo‘shimcha tariflar joriy qildi, o‘z navbatida ular ham javob choralarini e’lon qildi. Bu – savdo urushi deyiladi.
Tramp boj kiritgan uchala davlat ham AQShning bevosita va bilvosita qo‘shnilari: shimol va janubdagi Kanada va Meksika hamda Tinch okeanining narigi sohilidagi Xitoy Xalq Respublikasi. Kanada va Meksikaning Amerikaga kirayotgan barcha mahsulotlariga 25 foizlik tarif, ya’ni boj solig‘i joriy qilindi. Xitoy mahsulotlariga esa avval joriy etilgan tariflarga qo‘shimcha yana 10 foizlik tarif kiritildi (Tramp o‘zining birinchi to‘rt yilligida va undan keyingi Bayden ham, Xitoy mahsulotlariga jami 20 foizlik boj joriy qilgan edi).
Tasavvur qiling, AQShga Kanada yoki Meksikadan kirayotgan bitta tovarning ulgurja narxi 100 dollar deylik, endi shu mahsulot kamida 25 dollarga qimmatlashadi. Natijada, bu mahsulot o‘zining raqobatdoshligini yo‘qotadi.
Bu uchta davlat – AQShning eng muhim savdo hamkorlari. AQSh tashqi savdo aylanmasining salkam yarmi shu uchta qo‘shnining hissasiga to‘g‘ri keladi. Birgina XXR bilan AQShning bir yillik oldi-sotdisi 550 milliarddan 720 milliard dollargacha yetadi. AQSh importining 18 foizi XXRga, 14 foiz Meksikaga, 12 foizi Kanadaga to‘g‘ri keladi. Amerika eksportining 17 foizi Kanadaga, 15 foizi Meksikaga, taxminan 7 foizi XXRga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, AQSh Kanada neftisiz yashay olmaydi.
Tramp ushbu davlatlarga, qolaversa, Yevropa Ittifoqiga qarshi savdo urushi ochish niyati borligini aytganida, mutlaq ko‘pchilik ishonmagandi. Chunki “Tramp o‘zining oyog‘iga bolta urmasa kerak – AQShning o‘ziga zarar bo‘ladi-ku?!” deyishdi. Lekin, ko‘rib turganimizdek, Tramp bu urushni boshladi.














