Toshkent shahridagi “Credit House” hamda “In Fin Stroy Invest” MChJ mansabdorlariga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Quruvchi firmalardan uy olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga sotib kelgan ushbu vositachi firmalar odamlarning to‘lov pulini o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilar ham uydan, ham pulidan ayrilib qolishdan xavotirdaligini bildirishmoqda.
Toshkent shahridagi “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” MChJ mansabdorlari tergovga tortildi. Kun.uz’ga murojaat qilgan bir guruh jabrlanuvchilar muammo ko‘lami juda katta ekanini aytmoqda.
“Biz 2024 yil 8 fevral kuni “Credit House” bilan o‘zaro oldi-sotdi asosida shartnoma tuzdik. Birinchi to‘lovga 100 mln so‘m to‘ladik. Grafik bo‘yicha aytilgan summani shu oygacha hech qoldirmasdan to‘lab keldik. Uy bitayotganini ko‘rish maqsadida obektga borganimizda qurilish firmasi rahbari “Credit House” bilan nizo kelib chiqqanini va sud bo‘layotganini aytdi. Sababini so‘rasak, grafik bo‘yicha firmaga pul to‘lamagan ekan. Ya’ni investitsion shartnomaga amal qilishmagan.
O‘zimiz to‘lagan pulni quruvchi firmaga o‘tkazib berishsin, ortiqchasi kerak emas. Biz keyin ular bilan ishlab ketish tarafdorimiz, bularga ishonch qolmadi”, deydi murojaatchilardan biri Madalibek Hakimov.
“Credit House” mas’ullari xaridorlarga masala hal etilishini, faqat biroz muddat kerakligini bildirib, va’da bermoqda. Ammo ushbu firmaga to‘lagan puli qurilish firmasiga “yetib bormagan” jabrlanuvchilar bu va’dalarga ishonmayapti.
Jumladan, Navoiy viloyatining Zarafshon shahridan kelgan jabrlanuvchi boshlang‘ich to‘lovni kredit olib to‘laganini ma’lum qildi.
“Zarafshon shahridan keldim. 2024 yil 9 iyul kuni shartnoma imzolagandik. Boshlang‘ich to‘lovga 80 mln so‘m kredit olib qo‘ygandim. Hozir ungayam 4 mln so‘mdan to‘lab yuribman. Shartnoma shartlarini buzishdi. 129 oyga 3 mln 531 mingdan ketishi kerak edi.
Hozir qurilish firmasi kuz oyida bitadi, ipoteka qilib beramiz deyapti. Lekin shunday bo‘lsa, belgilangan summadan oshib ketadi. Shu paytgacha 105 mln so‘m to‘ladim, shuni qaytarsin, charchadik”, deydi navoiylik o‘qituvchi Abduvali Narziyev.












