Jahon | 19:49 / 26.02.2025
3286
2 daqiqa o‘qiladi

Nauru hukumati budjetga mablag‘ to‘plash maqsadida «oltin pasportlar» dasturini ishga tushiradi

Dunyoning 89 ta davlatiga vizasiz kirish imkoniyatini beruvchi Nauru fuqarosi pasportini olish 105 ming dollarga tushadi.

Foto: Jason Oxenham/AP

Tinch okeanida joylashgan Nauru orol davlati o‘z aholisini global isish oqibatlaridan himoya qilish uchun mablag‘ to‘plash maqsadida «oltin pasportlar» joriy etishni boshladi, deb yozadi The Guardian.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 89 ta davlatiga vizasiz kirish imkoniyatini beruvchi Nauru fuqarosi pasportini olish 105 ming dollarga tushadi.

Nauru iqtisodiyoti o‘nlab yillar davomida boy fosfat konlari hisobiga gullab-yashagan. Ammo konlar tugadi va orolning 80 foizga yaqin hududi yashash uchun yaroqsiz joyga aylandi. Hozirda Nauru aholisining 90 foizi (u yerda 13 ming odam yashaydi) orolning boshqa qismlariga ko‘chishga majbur, davlat oldida esa butun iqtisodiyotni qaytadan qurish masalasi turibdi. «Oltin pasportlar» dasturi aynan shuning uchun mablag‘ to‘plashga yordam beradi.

Hukumat mazkur dastur orqali birinchi yil davomida 5,7 million dollar to‘plashni rejalashtirgan. Dasturning maksimal maqsadi — 500 ta pasport sotish orqali jami 43 million dollar to‘plash (bu budjet daromadlarining qariyb 20 foizi demak).

Qayd etilishicha, Nauru hukumati pasportlar sotish orqali budjetga mablag‘ to‘plashga ikkinchi marotaba urinmoqda. Birinchi urinish 2003 yilda amalga oshirilgan va katta shov-shuv bilan yakunlangan: o‘shanda pasportlarni «Al-Qoida» guruhi a’zolari ham sotib olgan. Bu safar Nauru rasmiylari o‘tgan xatolarni hisobga olib, pasportlarni faqat «eng qattiq tekshiruvdan» o‘tadigan haqiqiy investorlarga sotish niyatida.

Mavzuga oid