1997 yilning 2 dekabri. Surxondaryoda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oyoqqa turadi: 210 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo amalda 1 500 nafarga yaqin jinoyatchi saqlanayotgan Termiz shahridagi tergov hibsxonasidan o‘limga hukm qilingan ikki mahbus qochib ketgan edi. Ular buni qanday uddalagandi?
Gollivudning “Shoushenkdan qochish” filmini ko‘pchilik ko‘rgan. Unda film qahramoni Endi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonadan devorni bolg‘acha yordamida teshish orqali qochib ketishni uddalaydi. Aslida dunyo tarixida maxsus qamoqxonalardan qochish holatlari hayotda ham ko‘p kuzatilgan. Ana shunday shov-shuvli qochish O‘zbekistonda, Termiz shahridagi tergov hibsxonasida ham sodir bo‘lgan.
Yo‘qolib qolgan mahbuslar
1997 yilning 2 dekabri. Termiz shahridagi tergov hibsxonasida “trevoga” bo‘lib, erta tongdan hamma oyoqqa turadi. Hibsxonada saqlanayotgan ikki ashaddiy jinoyatchi xonasida yo‘q edi. Mahbuslar saqlangan xonaga yugurib kirgan mas’ullar “Shoushenkdan qochish” filmidagi kabi teshik devorni ko‘rishadi.
Qochib ketganlarning biri katta miqdordagi narkotik modda bilan ushlangan afg‘onistonlik Sattor ismli shaxs bo‘lsa, ikkinchisi qotillik jinoyatini sodir qilgan Shavkat Yalkapov edi. Ularning ikkisi ham oliy jazo – o‘limga hukm qilingandi. Ikki mahbus ham qochishga moyilligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lgan.
Teshilgan devor
Sattor va Shavkat ushbu hibsxonaga keltirilganiga qariyb 1 yil bo‘lgandi. O‘lim hukmi o‘zgarishsiz qolgach mahbuslarda qochish fikri tug‘ilgan. Buni Sattor taklif qilgan. “Qochib ketib, Afg‘onistonga borib yashaymiz”, degan u sherigiga.
Mahbuslar reja tuzgach, uni amalga oshirish yo‘llarini o‘ylay boshlaydi. Ular avvalo temir kesadigan arra topadi. So‘ng xonadagi issiqlik batareyasi quvurini o‘sha arra yordamida kesib, batareyani ushlab turishi uchun devorga qoqilgan ikki temir qoziqni sug‘urib olishadi. Ana shu qoziqlar yordamida 28 noyabr kuni, ya’ni qochishdan 4 kun avval o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng devorni teshishni boshlashadi.
Mahbuslar birinchi kunda 4-5 ta g‘ishtni joyidan ko‘chirib olishgan. Tuproq va g‘ishtlarni “krovat” tagiga to‘plashgan. Devorni teshish ishi bir necha kun davom etgan. Ana shu kunlarda xonada tekshiruv ham o‘tkazilgan. Ammo teshilayotgan joy choyshab bilan yopib qo‘yilgani bois buni hech kim payqamagan.








